Vitaliy Levchenko: "Neftchi" tarixida o'zbek futboli afsonalaridan biri Yuriy Vazgenovich Sarkisyanning alohida o'rni bor"

Sherzod Nurmatov
3 iyul 2022
Ma'lumki, "Neftchi"ni og'ir ahvoldan chiqarib, ilgarigi shahdam qadamlarini tiklash maqsadida jamoa rahbariyati yangilandi.

Tojikiston futbolida mas'ul vazifalarda ishlab, jamoatchilik orasida izzat-hurmat va obro'-e'tibor qozongan Vitaliy Grigorevich Levchenko "Neftchi" jamoasining bosh murabbiyi etib tayinlandi. Biz unga qator savollar bilan murojaat qildik. 

Siz o'zbek futboli va "Neftchi" klubi haqida qanday tasavvurga egasiz? 

- O'zbekistonda futbol yaxshi rivojlanmoqda. Barcha jamoalar o'z imkoniyatiga qarab yaxshi shakllangan. Shu bois, natijalar qanday bo'lishini oldindan aytish qiyin. O'zbek futbolchilari o'z mamlakatidagina emas, balki Osiyo davlatlarida ham o'z imkoniyatlarini namoyish etib kelmoqdalar. "Neftchi" jasoasida malakali o'yinchilar etarli, lekin buning amaliy natijasi sezilmayapti. Murabbiylar shtabi ana shu masalalar bilan jiddiy shug'ullanishi kerak. "Neftchi" boy tarix va ananalarga ega. Biz hammamiz hamkorlikda ana shu anana va obro'ni tiklashimiz lozim. Klub tarixida o'zbek futboli afsonalaridan biri Yuriy Vazgenovich Sarkisyanning alohida o'rni bor. Men uni jamoaning Farg'onadagi uchrashuvlaridan biriga taklif etib, qilgan samarali mehnatlari uchun chin yurakdan minnatdorlik bildirib, yaxshilikka-yaxshilik bilan ezozlash tashabbusi bilan chiqmoqchiman. 

- Siz kelguningizga qadar jamoa chempionatning birinchi davrasini 13-o'rinda yakunladi. Ana shu og'ir ahvoldan chiqish yo'li nimadan iborat deb o'ylaysiz? 

- Bizda ikkinchi davraga tayyorgarlik rejasi mavjud. Biz bu rejalarni to'la amalga oshirish uchun jiddiy mas'uliyat bilan ish olib borishimiz kerak. 

- "Neftchi"ning milliy chempionatdagi bellashuvlariga nazar tashlaganmisiz?

- Menda jamoamiz haqida ayrim axborotlar bor. Lekin endilikda nima ish bilan shug'ullanish va qaysi poziciyani kuchaytirish lozimligi haqida jiddiy bosh qotirishimiz zarur. 

- Ayni paytda klubda 3 nafar legioner bor. Jamoani kuchaytirish uchun ularni 5 nafarga etkazish kerak. Siz bu haqda o'ylab ko'rdingizmi? 

- Biz bu masalani chuqur o'ylab, hal qilamiz. Jamoani tubdan yaxshilash uchun mas'uliyatni chuqur his etadigan malakali futbolchilar kerak. 

- O'zbek klublarida faol o'ynayotgan tojikistonlik yigitlar ko'p. Yangi murabbiy sifatida jamoaga ularni taklif etish niyatingiz bormi?

- Qo'lida Tojikiston pasporti bo'lgan futbolchini jamoaga taklif etishda hech qanday mantiq yuq. Bizga oldimizdagi vazifani yaxshi tushunadigan va maydonda mas'uliyatni chuqur his etib, harakat qiladigan mahoratli futbolchilar kerak. Ular mahalliy sharoitni va milliy ananalarni yaxshi bilishlari va doimo yuksak marralarga intilishlari kerak. 

- Murabbiylar shtabini shakllantirish uchun o'zingiz bilan ishlagan yoki siz yaxshi biladigan mutaxassislarni taklif etasizmi?

- Ha. Jalb etilgan mutaxassislar talab va mas'uliyatni yurakdan his etib, yuksak marralarni egallash uchun butun vujudi bilan oldinga intilishi darkor. Bizning harakatimiz shveytsariya soati kabi aniq va bexato bo'lishi kerak. 

- Jamoa qachon ikkinchi davra uchrashuvlariga tayyorgarlikni boshlaydi?

- Belgilangan reja asosida 7 iyul kuni ish boshlaymiz. 

Klub muxlislari haqida qanday fikrdasiz?

- Farg'onalik futbol ishqibozlari o'z jamoalariga mehr va sadoqatlarini azal-azaldan namoyish etib kelishmoqda. Ularning jamoamizga hurmat va ehtiromi "Neftchi" yuksak cho'qqilariga ko'tarilgan yillarda juda baland edi. Biz o'sha ehtiroslarni qaytarish uchun "Neftchi"ning azaliy g'olibona yurishlarini tiklashimiz va o'zbek futbolida o'z o'rnimiz va mavqeimizga ega bo'lishimiz kerak. Shunga intilamiz. 

- Yaqinda ishga kelgan serbiyalik mutaxassis Milan Chirich haqida nima deya olasiz? 

- U yangilangan murabbiylar shtabida biz bilan birga ishlaydi. 

"Neftchi" matbuot xizmati


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Нефтчи" матбуот хизмати