Vesko Steshevich: "Nasaf" yo'q penaltidan hisobni tenglashtirdi"

Aslanov Jasurbek
15 may 2023
"Metallurg" - "Nasaf" uchrashuvidan (1:2) keyin bekobodliklar ustozi Vesko Steshevich matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Vesko Steshevich: O'yinni yaxshi boshlab, gol urishga muvaffaq bo'ldik. Yigitlar borini berishdi, bunga shubha yo'q. "Nasaf" sifatli jamoa, ammo ular yo'q penaltidan hisobni tenglashtirishdi. Menga aytishlaricha, fol bo'lgan hudud jarima maydonchasidan yarim metr uzoqda ekan. VAR ishlayotgan bo'lsa, buni qanday iloji bor. Bu haqida boshqa gapirmoqchi emasman, ammo o'sha vaziyat natijaga ta’sir qildi.

- "Metallurg" 9ta bahsda 19ta gol o'tkazib, eng yomon himoya chizig'iga ega jamoa bo'lib turibdi. Himoya tartibga keltiriladimi?

- Hozir boshqa futbolchilarni jalb qila olmaymiz va himoya chizig'i ustida ishlaymiz. Ikkinchi davra va transferlar borasida biror narsa deya olmayman.

- Abror Toshqo'ziev odatda qanot himoyasida o'ynardi, bugun oldinda harakat qildi...

- Toshqo'ziev "Nasaf" markaziy himoyachisini bloklashi kerak edi va buni yaxshi bajardi. Abror charchab qolganidan so'ng uni almashtirdik.

- 1:0 hisobini ushlab qolish uchun futbolchilarga ko'rsatmalar berilganmidi?

- Albatta, gol o'tkazib yubormaslikka harakat qildik. Afsuski, o'sha penalti natijaga ta’sir ko'rsatdi.

- Dastlabki savolim, jamoaning tezkor goli - bu rejalarda bormidi. Ikkinchisi, Ibrohim Ibragimovning jarohati "Metallurg" o'yiniga ta’sir ko'rsatdimi?

- Ibragimovning jarohati ta’sir qildi deb o'ylayman, chunki u bilan to'pni markazda yaxshiroq saqlab turardik, golga keladigan bo'lsak, u qachon bo'lishini tanlay olmaymiz. Agar buni imkoni bo'lganida so'nggi daqiqada gol urishni tanlab, g'alabani o'zimizniki qilardik.



Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia