

Avvalambor hammaga salom. Ertaga Chempionlar ligasining so'nggi saralash bosqichidan o'rin olgan o'yinda maydonga tushamiz. O'yin taqdiri bitta bahsda hal bo'ladi. Al Ayn jiddiy va kuchli raqib ekanligini bilamiz, ammo biz maydonga faqat g'alaba maqsadida chiqamiz. Chunki guruh bosqichiga chiqishni niyat qilganmiz, - dedi Vadim Abramov.
Al Ayn yaxshi shakllangan jamoa. Raqib o'rganib chiqdik. Uchrashuvga tayyormiz. Guruh bosqichi taqdiri bitta o'yin orqali hal bo'lishini bilamiz. Ertaga kim g'olib bo'lsa o'sha jamoa guruh bosqichiga yo'l oladi, deya o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi Anvar G'ofurov.
- Al Aynni o'rganib chiqdingizmi?
Vadim Abramov: - Albatta etarli ma'lumotga egaman. Raqib ayrim futbolchilarini juda yaxshi taniman, lekin hozir bu haqida gapirishni istamayman. Chunki raqib to'g'risidagi barcha ma'lumotlar o'zim uchun. Aytishim mumkinki, raqib hujumda juda yaxshi harakat qiladi. Lekin Al Ayn o'z uyidagi uchrashuvlarni ko'ngildagidek o'tkaza olmayapti. O'ylaymanki, ertaga ham shunday bo'ladi va biz bundan unumli foydalanishga harakat qilamiz.
- Al Zavrani osonlik bilan mag'lub etdinglar, biroq ertaga sizlarni jiddiy raqib kutib turibdi.
Vadim Abramov: - Oson uchrashuv bo'lmasligi aniq. Futbolchilarim ham buni biladi. Lekin Al Zavra bilan bo'lgan bahs mavsumdagi birinchi o'yinimiz edi. Ertaga ikkinchi rasmiy bellashuvni o'tkazamiz. Bizni muammomiz shu bo'lishi mumkin. Al Zavraga qarshi bahsning birinchi bo'limi avvalida penaltidan gol urganimiz bizning foydamizga xizmat qildi. Shundan so'ng jamoam o'z o'yinini ko'rsata oldi. Ertanggi bahs oldidan bizda hech qanday muammo yo'q. Aytganimdek, mavsumning ikkinchi uchrashuvini o'tkazayotganimiz bizga qandaydir muammo tug'dirishi mumkin. Qolgani nazoratim ostida.
- Tarkibda yo'qotishlar bormi?
Vadim Abramov: - Jarohat olgan futbolchilar yo'q. Bunday bo'lishini istamayman ham. O'yinchilar borasidagi yo'qotishimiz, besh nafat futbolchimizni olimpiya terma jamoasi tarkibida bo'lgani va so'nggi o'yinni kuni kecha o'tkazganidir. Aslida ularni ertanggi bahs oldidan jamoaga jalb qilish imkoniyati bor edi, biroq bunday qilishni lozim deb topmadim. Sababi, ular qisqa vaqt ichida ko'p o'yin o'tkazishdi. Ham ruhan ham jismonan charchashgan. O'tgan mavsumdagi tarkibdan bugun faqatgina uch nafar futbolchi bor.
- Jamoadagi ichki muhit qanday?
Anvar G'ofurov: - Jamoadagi ichki muhit a'lo darajada. Yuqori kayfiyatda o'yinga tayyorgarlik ko'ryapmiz. Bunyodkorda ahil kollektiv yig'ilgan.
- Ertaga qanday o'yin kutyapsiz? Al Zavra bilan bo'lgani kabi oson o'yin bo'lmaydi?
Anvar G'ofurov: - Aytishim kerak, Al Zavraga qarshi oson o'yin o'tkazmadik. Al Aynga hurmat saqlagan holda aytamanki, Al Zavra ertanggi raqibimizdan kuchsiz emas. Shunchaki, o'sha kuni bizga omad kulib boqdi.
- Shu kunlarda Al Ayn shahrida ob-havo juda sovib ketdi. Bu sizlarga qo'l kelishi mumkinmi?
Vadim Abramov: - Ikkala jamoa ham bir xil ob-havoda to'p suradi. Ob-havo qaysidir jamoaga yordam beradi deb o'ylamayman. Qolaversa, hozir shaharda juda sovuq emas, aksincha ayni futbol o'ynaydigan havo.



