Umarali Rahmonaliev: "Sabah"da boshqa jamoalarning qanday o'ynayotganiga e'tibor berishmaydi"

Оқил Абдубарноев
29 yanv 2026
Ozarbayjonning "Sabah" klubi yarim himoyachisi Umarali Rahmonaliev azerisport.com muxbiri savollariga javob berdi.

– Chempionatning 17-turi doirasidagi "Karvan-Evlax"ga qarshi (4:1) uchrashuvni qanday baholaysiz?

– Raqib, ayniqsa birinchi bo'limda kuchli pressing uyushtirdi. Yaxshiyamki, birinchi bo'lib gol urdik va to'xtab qolmadik. Bu jihat g'alabamizning asosi bo'ldi.

– "Qarabog'"ning bir kun oldin "Kapaz"ga mag'lubiyatga uchrashi (0:2) jamoani ruhlantirdimi?

– Ochig'ini aytsam, boshqa jamoalarning o'yiniga e'tibor bermayapmiz. Hozirgi paytda eng muhimi – o'z o'yinlarimizda g'alaba qozonish. Shuning uchun faqat o'z o'yinlarimizga diqqatimizni qaratamiz.

– Ko'pchilikni ko'rsatilgan natijalardan tashqari, o'yin tarzidagi sifatli o'sish hayratga solmoqda. Jamoaning o'yinidan mamnunmisiz?

– Natijalar, albatta, quvontiradi, lekin o'yin tashkil etilishi bo'yicha hali ishlash va yaxshilash kerak bo'lgan jihatlar bor.

– "Sabah" "Qarabog'"dan 4 ochko oldinda turibdi. Bu nimanidir anglatadimi?

– Men doimo aytganman va aytishda davom etamanki, biror narsa haqida gapirishga erta. Davolarni har bir turda maydonning o'zida isbotlash lozim.

– Qiziq, agar "Sabah" chempion bo'lsa, sizning O'zbekiston terma jamoasi tarkibida JCHga borish imkoniyatingiz osharmikan?

– Bu haqda ko'p bosh qotirmayman. Shunchaki u erda bo'lish uchun o'z ishimni qilyapman. Nima bo'lishini esa mavsum so'ngida ko'ramiz.

– Oldinda "Zirya"ga qarshi safardagi o'yin kutmoqda. Mazkur uchrashuvni mavsumning eng muhim o'yinlaridan biri deb atasa bo'ladi. Bunga tayyorgarlik qanday kechmoqda?

– Biz uchun har bir o'yin nihoyatda muhim. Maydonga chiqqanimizda, o'zimizning eng yuqori darajamizni ko'rsatishga intilamiz.

– Ushbu transfer oynasida "Sabah" sizni Rossiyaning "Rubin" jamoasidan sotib oldi. Endi barcha fikr-xayolingiz "Sabah" bilan bo'ladimi? Umarali yanada yaxshiroq o'ynaydi deb o'ylaysizmi?

– "Sabah"da yuqori natijalarga erishishga hissa qo'shish va shu bilan birga, o'z o'yinimni takomillashtirish uchun harakat qilaman.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: azerisport.com