Tur futbolchisi - Elguja Grigalashvili

"Qizilqum"ning legioner futbolchisi Elguja Grigalashvili mazkur turda jamoasi muvaffaqiyatining asosiy kalitiga aylandi.

AGMKga qarshi bahsda 3:1 hisobida g'alaba qozongan navoiyliklarning barcha golida Elguja Grigalashvili bevosita ishtirok etdi. Dastlabki golda aynan uning jonbozligi bilan tashkil etilgan hujumni Medina Smit samarali yakunlagan bo'lsa, qolgan ikkala gol aynan hujumkor vinger tomonidan kiritildi. Dastlab jarima zarbasidan mo'ljalda adashmagan Elguja Grigalashvili chiroyli gol sohibiga aylandi. Uchinchi gol esa Medina Smitning uzatmasidan keyin vujudga keldi. Bu vaziyatda Elguja Grigalashvili boshi bilan raqib darvozasini ishg'ol etdi.

Tur davomida dubl qayd etgan yagona futbolchiga aylangan Elguja Grigalashvilining gollari soni 2taga etdi va to'purarlar poygasida o'tgan turning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan Dragan Cheranni quvishda davom etmoqda.

Elguja Grigalashvili Superliganing 2-turidan keyin o'z hisobiga 2ta gol, 1ta golli uzatma va 1 bor samarali harakatni yozib qo'yishga muvaffaq bo'ldi.

Superliga, 2-tur: Aktamovning haloskori - Elguja, uch xil natija bo'yicha yagonalikni saqlab turgan jamoalar va boshqa tafsilotlar haqida (tur sharhi) 


Manba: championat.asia