Tomoshabinlar tashrifi bo'yicha rekord o'rnatilgan o'yindan muxlislar galereyasi

Aslanov Jasurbek
6 sen 2019
Kecha bo'lib o'tgan Tojikiston - Qirg'iziston uchrashuvi tafsilotlari va muxlislar ishtirokidagi fotogalereyani e'tiboringizga taqdim etamiz.

Usmon Toshev boshchiligidagi Tojikiston terma jamoasi Jahon chempionati Qatar-2022 saralash bosqichining 2-raundini Qirg'izistonga qarshi o'yin orqali boshladi. Qiziqarli va murosasiz o'tgan bellashuvning dastlabki bo'limida hisobni ochgan mezbonlar o'yin so'nggiga qadar ushbu natijani saqlab qolib, g'alabani tantana qilishdi.

Uchrashuvdagi yagona hal etuvchi golga Tojikiston terma jamoasi safida shu kuni debyut qilgan Alisher Jalilov mualliflik qildi.

Qayd etish kerakki, mazkur bahsda juda ko'p yillardan buyon kuzatilmagan ajoyib holat ruy berdi. Ko'p yillardan beri Tojikiston o'yinlarida muxlislar stadionni to'ldirmay qo'yishgandi. E'tiborlisi, Usmon Toshev o'zining Dushanbedagi ilk rasmiy bellashuvidayoq kutilganidan ham ko'proq tomoshabin (18740) yig'ishga muvaffaq bo'ldi. Buni o'yindan keyingi matbuot anjumanida mahalliy jurnalistlar ham etirof etishdi.


Quyida saytimiz fotomuxbiri Jahongir Fayzullaev o'z obektivida muhrlagan muxlislar fotogalereyasini tomosha qilishingiz mumkin.

Uchrashuvning fotogalereyasi esa sal avvalroq berilgandi va o'yindagi suratlarni quyidagi havola orqali ko'ring!


















Shu tariqa Tojikiston terma jamoasi Jahon chempionati saralash bosqichining 2-raundini Markaziy Osiyo derbisi maqomidagi o'yinda qo'lga kiritilgan muhim g'alaba bilan boshladi. Endilikda jamoa 2-turda Mongoliya mehmoniga aylanadi. 

Eslatib o'tamiz, Tojikiston o'rin olgan "F" guruhida Qirg'izistondan tashqari Mongoliya, Myanma hamda favorit Yaponiya joylashgan. Dastlabki turda Mongoliya Myanma ustidan g'alaba qozongan bo'lsa, Tojikiston Qirg'izistonni taslim etdi. Yaponiya esa bu turda dam oldi. Kelasi turda esa hozircha guruh favoritlari bo'lib turgan Mongoliya va Tojikiston o'zaro to'qnashishadi. Yaponiya esa ilk o'yinni boy bergan Myanma bilan Qatar-2022 yo'lidagi yurishini boshlaydi. Qirg'iziston esa bu gal dam oladi.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia