Tojikistonlik murabbiy Antonio Kontedan o'rnak olar ekan. Bizning murabbiylar-chi?

Xayrulla Xoliqov
26 apr 2021
Saytimizda e'lon qilingan Vitaliy Levchenkoning intervyusini maza qilib o'qidim.

Levchenko - Tojikistonning "Istiqlol" klubi bosh murabbiyi. Faqat Pro licenziyasi bo'lmagani uchun qog'ozda bosh murabbiy emas, xolos. Lekin OCHL o'yinlarida ko'ryapmizki, jamoani maydon chetida shu inson boshqaryapti. 

Hamkasbimiz Narzulla Saydullaevning "Istiqlol" qarshi hujumda ajoyib o'ynamoqda. Yevropadagi qaysi jamoalardan namuna olishga intilasiz?" degan savoliga Vitaliy Levchenko shunday degan: 

- "Tarkibimizdagi futbolchilardan kelib chiqib o'ynaymiz. Yevropadan Antonio Kontening ish uslubi va taktikasi menga ko'proq yoqadi. Bu murabbiy boshchiligidagi jamoalar qanday o'ynashi, qanday qarshi hujumga o'tishi va pressing qilishi men uchun etalon. Shunday ekan Antonio Konte men uchun haqiqiy namuna".

Murabbiy o'z intervyusida Kievda UEFA Pro licenziyasi uchun tahsil olayotganini va u erda italiyalik murabbiylar dars berayotganini aytib o'tgan. Yosh mutaxassis shuningdek, "Al Hilol"dek kuchli klub 4:1 hisobda mag'lub etilishida raqibning kuchli-kuchsiz tomonlarini diqqat bilan o'rgangani qo'l kelganini alohida takidlagan. 

Menga Vitaliy Levchenkoning Antoni Konte hamda raqibni o'rganish borasidagi gaplari maqul keldi. Bundan ko'rinib turibdiki, murabbiy o'zi uchun ma'lum bir yo'lanishni tanlab bo'ldi. Demak, u italyancha taktik futbol shaydosi. Savol tug'iladi: bizning murabbiylar qanday futbol shaydosi? Albatta, kimgadir italyancha, kimgadir ispancha, nemischa, inglizcha, portugalcha futbol yoqadi.

Lekin kimdir umuman evrofutbol ko'rmaydi va o'zi bilgan taktikani qo'llaydi. Qaniydi bizda ham murabbiylar licenziya uchun o'qishni Yevropada amalga oshirsa. Chunki haqiqiy futbol u erda. To'g'risi, Toshkentda yillar davomida o'tkazib kelingan Pro licenziyasi uchun o'quv kurslari faqat o'z darajamizda bo'lib kelgan. Bu o'qishlar OCHLni yutish, JCHga chiqish uchun kamlik qiladi. 

Hech eshitganmisiz, falonchi murabbiy Yevropaning falonchi jamoasida malaka oshirib qaytibdi, falonchi murabbiy yevropalik murabbiyning ish uslubini o'rganyapti ekan. Oxirgi yillarda kimdir shunday qilganini eslolmadim. Hozir ko'p sohalarda oldinga siljish ketyapti, yoshlarga bizdagi bilimlar kamlik qilyapti, ular Yevropaga, Amerikaga, Osiyoga oshiqyapti.

Biz xohlardikki, murabbiylarimiz ham bilimning ortidan quvsa. Kerak bo'lsa, Eropaning manaman degan klublariga borib tajriba oshirib qaytishsa. Chunki zamonaviy futbolda MURABBIYLAR tutgan o'rni nihoyatda katta. Futbolchini bor qiladigan ham, yo'q qiladigan ham avvalo murabbiy deb bilaman.


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia