"Metallurg" Tantashev boshqargan o'yinlarda yutqazmayapti. Bugun-chi?

Xabaringiz bor, bugun Toshkentning "Lokomotiv" klubi Bekobodda mehmon bo'ladi.

"Metallurg"ning hozirgi holatiga havas qilib bo'lmaydi. Jamoa so'nggi 9 o'yinning faqat 1 tasida g'alaba qozondi, 27 ochkolik imokniyatdan 3 oldi. Navbatdagi muvaffaqiyatsizlik Jasur Abduraimov shogirdlarini autsayderlar zonasiga tushirib yuborishi mumkin.

Ammo bugungi bahsni Bekobod jamoasi uchun omadli hakam boshqarishini ham unutmaslik kerak. Gap Ilgiz Tantashev haqida boryapti.

Chunki "Metallurg" buxorolik hakam boshqargan bahslarda 2016 yildan beri mag'lub bo'lmay kelmoqda. 5 o'yin: 2 durang, 3 g'alaba.

E'tiborli jihati, "Metallurg"ning Tantashev ishlagan bahslardagi so'nggi mag'lubiyati aynan bugungi raqibga qarshi qayd etilgan.

Oliy Liga-2016. 29-tur

"Lokomotiv" 4:1 "Metallurg"

Gollar: Oleg Zoteev, Sadriddin Abdullaev, Marat Bikmaev, Temurxo'ja Abduxoliqov - Zohid Abdullaev

Ilgiz juda ham qattiqqo'l hakamlar toifasiga kiradi. U joriy mavsum kartochkalarga deyarli barcha hamkasblariga nisbatan ko'proq murojaat qilgan: 62 sariq, 2 qizil.

U o'zi ishlagan 12 o'yinda 9 bor 11 metrlik jarima zarbasiga ishora qilgan. Lekin 37 yoshli referi belgilagan penaltilarning hammasi ham golga aylanavermaydi. Masalan, joriy yilda 9 penaltidan 4 tasi muvaffaqiyatsiz amalga oshirilgan.

Shuningdek, Tantashev ichki maydonda faqat Superliga o'yinlarini boshqarayotganini ham alohida takidlash kerak.

"Qo'qon-1912" bilan o'yinni "Paxtakor" uchun omadli hakam boshqaradi


Manba: championat.asia