

Bu yil o'z oldiga kuchlilar safiga chiqishni maqsad qilib qo'yayotgan termizliklar, shunga monand tarkibni kuchaytirishga urinmoqda. Murabbiylar shtabi aynan mazkur Toshkentdagi yig'in chog'ida selekciya ishlariga katta e'tibor qaratishni rejalashtirgan. Darvoqe, Surxon jamoasi Turkiston mehmonxonasida istiqomat qilmoqda. Mashg'ulotlar kuniga ikki mahaldan, Do'rmon va NBU-Osiyo stadionida o'tkazish rejalashtirilgan.
Tarkibdagi o'zgarishlar keladigan bo'lsak, hozirda o'ttiz nafar futbolchi jamoa yig'inida ishtirok etmoqda. Toshkentdagi yig'inning ilk kunlaridanoq, jamoa safiga Ruslan Matniyazov, Azamat Ahmedov, Abbos Po'latov, Orif Abdug'aniev (NBU-Osiyo), Ibrohim Abdullaev, Alisher Mirzaev (Obod), Bekzod Mirzamurodov (Qizilqum), Najmiddin Normurodov, Sirojiddin Qo'ziev, Dilshod Xushbakov (Nasaf), Sherzod Jalilov (So'g'diyona), Timur Usmonov (Lokomotiv), Ravshan Xursanov (Navbahor), Farhod Tojiev (Dinamo) kabi futbolchilar kelib qo'shildi.
Hozircha murabbiylar ularni ko'rikdan o'tkazayotganini takidlash lozim. Termizliklar Toshkentdagi yig'in chog'ida sinov-nazorat uchrashuvlarini ham o'tkazishni rejalashtirgan. Xususan 14 fevral kuni, Jizzax So'g'diyona jamoasi bilan, 16 fevral kuni Namanganning Navbahor jamoasiga qarshi hamda 20 fevralda Muborakning Mashal jamoasiga qarshi o'rtoqlik o'yinlari bo'lib o'tadi.
Aytishlaricha, Surxon jamoasi pro-liga bahslari boshlanguniga qadar Toshkentda yig'in olib borishni maqsad qilgan.




