Superligada 7-turning eng yaxshilari "Bunyodkor" va "Andijon"dan bo'ldi

Narzulla Saydullayev
15 may 2024
Championat.asia sayti O'zbekiston Superligasi 7-turining eng yaxshilarini aniqladi.

"Championat.asia" sayti talqiniga ko'ra, 7-turning eng yaxshi darvozaboni - Marin Lyubich ("Bunyodkor").

"Bunyodkor" bu tur Qarshida "Nasaf" mehmoni bo'ldi va 0:0 hisobida durang o'ynadi. Uchrashuv davomida "qaldirg'ochlar" posboni Marin Lyubich 5ta seyv ijro etdi va darvozasi dahlsizligini saqlab qoldi.




"Championat.asia" sayti talqiniga ko'ra, 7-turning eng yaxshi murabbiyi - Ilyos Zeytullaev ("Bunyodkor").

Ko'pichlik bu turda "Bunyodkor"ning Qarshidan mag'lubiyat bilan qaytishini taxmin qilgandi. Ammo chempionlikka davogar hisoblangan "Nasaf" maydonida durangga erishdi. Kamiga "qaldirg'ochlar" 67-daqiqadan boshlab 10 kishi bo'lib qolishdi. Shunga qaramay "Bunyodkor" safardan muhim ochko bilan qaytdi. Shu tariqa, Zeytullaev 7-turning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.




"Championat.asia" sayti talqiniga ko'ra, 7-turning eng chiroyli goli muallifi - Farhod Sohibjonov ("Andijon").

"Andijon" mazkur tur Farg'onada "Neftchi" mehmoni bo'ldi. Uchrashuvning 52-daqiqasida qanotdan Abdumannonov uzatgan to'pni Farhod Sohibjonov Zlatan Ibragimovich uslubida Sanjar Quvvatov qo'riqlayotgan darvozaga joylab qo'ydi. Aynan mana shu gol 7-turning eng chiroyli goli deb topildi.

GOLNI TOMOSHA QILISH




"Championat.asia" sayti talqiniga ko'ra, 7-turning eng yaxshi futbolchisi - Bektemir Abdumannonov ("Andijon").

"Andijon" safida vodiy derbisida Bektemir Abdumannonov juda faol o'ynadi. Birinchi taymning 15-daqiqasida sheriklari boshlagan hujumni gol bilan yakunladi va ikkinchi taym boshida Sohibjonovga golli uzatmani amalga oshirdi. Umuman o'yin davomida ham juda faol bo'lgan Abdumannonov Superliga 7-turining eng yaxshi futbolchisi deb topildi.




Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia