Suhrob Ne'matov: “Har bir bahsga so'nggi uchrashuvga tushgandek chiqyapmiz”

Narzulla Saydullayev
3 avg 2015
Kecha oliy liga autsayderi “Buxoro” o'z maydonida Toshkentning “Bunyodkor” jamoasini qabul qilib, yana mag'lubiyatga uchradi.

“Qaldirg'ochlar” 2:1 hisobida safarda g'alaba qozondi. Uchrashuvdan keyin buxoroliklar sardori Suhrob Ne'matov o'yin haqida shunday dedi:

- O'yin nazarimda teng kurashlar ostida o'tdi. To'rtta golli vaziyatni yaratgan bo'lsakda, afsuski shundan bittasi gol bilan intiho topdi. Raqib esa 3ta imkoniyatning 2tasidan unumli foydalanib qoldi. Tarkibimiz davralar oralig'ida deyarli yangitdan tuzildi. Yangi kelib qo'shilgan futbolchilar yomon emas. Hamma jamoa muvaffaqiyat qozonishi uchun sidqidildan xarakat qildi. Lekin baribir vaqt kerakligi bilinib turibdi. Biroz o'tsin, xammasi yaxshi bo'lib ketadi deb o'ylayman. Birinchi davraga nisbatan hozirgi kunni solishtirib, sifat haqida gapirmoqchi emasman. Sababi futbolchilar noto'g'ri tushunib, keyin mendan ranjib qolishi mumkin. Shu bois keling, bu haqda gapirmaganim maqul.

- Ayni damda egallab turgan o'rnimiz “Buxoro”ga mos emas. Xavfli zonani tark etish uchun o'ylaymanki, imkoniyat hali bor. Bu vaziyatdan chiqib ketishimizga ishonaman. Biz har bir bahsga xuddi so'nggi uchrashuvga chiqqandek tushyapmiz. Har bir o'yinning qiymati juda yuqori biz uchun.
 

Islombek Rustambekov suhbatlashdi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia