"So'g'diyona" - "Turon" uchrashuvidan so'ng chetlatilgan hakam qaytishini yana "So'g'diyona" ishtirokidagi bahs bilan boshlaydi

Xayrulla Xoliqov
16 avg 2021
Shu yilning 14 mart kuni bo'lib o'tgan Superliga 2-tur "So'g'diyona" - "Turon" bahsi ancha shov-shuvga sabab bo'lgandi.

Bu o'yinda Superliga debyutanti "Turon" nohaq belgilangan penalti qurboni bo'lib, buning oqibatida 0:1 hisobida imkoniyatni boy bergan hamda o'yindan so'ng yaypanliklar bosh murabbiyi Islom Ismoilov videoda hakamlik shaniga achchiq gaplarni gapirgandi. 

Oradan ko'p o'tmay o'yindagi hakamlik mutaxassislar tomonidan atroflicha o'rganib chiqildi va bosh hakam Viktor Serazitdinov nomuayyan muddatga Superligadan chetlatildi. Lekin Serazetdinov bu orada bekor o'tirmadi, u Birinchi liga bilan Proligada faoliyat yuritdi. 

PFL saytidagi ma'lumotga ko'ra, u may oyidan beri Birinchi liganing 3ta hamda Proliganing bitta uchrashuvini boshqargan. 

Birinchi liga:

"Neftgazmontaj" - "Zomin" 2:1

"Bunyodkor-Farm" - "Lochin" 0:1

"Chig'atoy" - "Zomin" 4:6

Proliga:

"Yangier" - "Olimpik" 2:0

Bugun PFL sayti O'zbekiston Kubogi 1/8 final bahslarini boshqarib boradigan hakamlar ro'yxatini e'loni qildi. Unga ko'ra, 20 avgust kuni Jizzax shahrida bo'lib o'tadigan "So'g'diyona" - "Lokomotiv" uchrashuvini Viktor Serazitdinov boshqaradi.

Bundan ko'rinib turibdiki, 47 yoshli hakam Superliga jamoalari o'rtasidagi o'yinga qaytishini yana "So'g'diyona" ishtirokidagi bahs bilan boshlaydi. Serazitdinov bu safar qanday hakamlik qiladi, buni vaqt ko'rsatadi. 


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.asia