Shuhrat Maqsudov Abramov haqidagi savolga javob bermadi, sababi...

Narzulla Saydullayev
19 iyun 2021
Superliganing 10-turidan o'rin olgan "Turon" - "Bunyodkor" (0:3) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Shuhrat Maqsudov matbuot anjumanida qatnashdi.



"O'yin haqida gapirishdan oldin Yaypanga kelib "Turon" klubiga yaratilgan sharoitlarni ko'rib, qurilayotgan akademiyani ko'rib juda ham xursand bo'ldim. Shunday fidoyi insonlar ko'paysa o'zbek futboli yanada rivojlanadi. Oradagi bir oylik tanaffusdan unumli foydalanishga urindik. Bugungi bahs ancha qiyin bo'lishini bilardik, sababi oldingi ikki turda jamoamiz juda yaxshi o'yin ko'rsatib g'alaba qozona olmadik. Bu yigitlarning ruhiyatiga ta’sir qilishi aniq. Futbolchilarimiz bergan barcha ko'rsatmalarimizni to'liq bajarishdi va yakunda g'alaba qozondik. Fursatdan foydalanib futbolchilar, klub muxlislari va rahbariyatini tabriklayman", - deydi Shuhrat Maqsudov. 

- Shaxsiy fikringizcha "Turon"ga g'alaba qozonish uchun nima etishmayapti deb o'ylaysiz?
- To'g'risi boshqa jamoa murabbiylarining ishini muhokama qilish noto'g'ri deb bilaman. Faqat bir narsani ayta olaman: rahbariyat futbolchilarga barcha sharoitni yaratib berishmoqda, mayda detallargacha e'tibor qilinmoqda. Shunday ekan g'alabalar o'zini ko'p kuttirmaydi.

- Bizningcha bugungi hisob o'yinga mos bo'lmadi. Siz uchun ham yirik g'alaba kutilmagan bo'ldimi?
- To'g'ri birinchi taymda bizda ham, raqibda ham imkoniyat bo'ldi. Ammo bu futbol. Aytib o'tganimdek oldingi ikki turda biz katta tashabbusga ega bo'lib g'alaba qozona olmadik. O'shanda ham natija o'yinga mos bo'lmagandi.

- Bugun Vadim Abramov O'zbekiston terma jamoasidan iste'foga chiqarildi. U "Bunyodkor"ga qaytishi mumkinmi?
- Bu savol "Turon" - "Bunyodkor" uchrashuviga taaluqli emas, shu bois bu savolga javob berolmayman. Agar o'yin haqida savol bo'lsa marhamat. 



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia