Rustam Ashurmatov: "Katanetsning yo'qligi muammo emas. Biz u bo'lmasa ham, nima istashini yaxshi bilamiz"

Omonjon To`xtamirzayev
23 mar 2024
Qozonning "Rubin" klubi himoyachisi Rustam Ashurmatov O'zbekiston terma jamoasining bugungi mashg'ulotida intervyu berdi.

Rustam, g'alaba bilan tabriklaymiz. Gonkongdagi o'yin haqida qisqacha fikrlaringiz
Tabrik uchun rahmat. O'yin yaxshi bo'ldi. Har doimgidek yaxshi tayyorgarlik ko'rgandik. To'g'ri, birinchi bo'limda gol urishda ozroq muammolarga duch keldik, ammo imkoniyatlarimiz etarli edi.

Shu sababli, birinchi bo'limdan keyin ham ishonch bor edi. Yakunda nafaqat o'zimizning, balki murabbiylar va muxlislar ishonchini ham oqladik, deb o'ylayman. 

Milliy terma jamoa safidagi debyut golingizni urishga muvaffaq bo'ldingiz. Hissiyotlar qanday bo'ldi?
To'g'risini, aytsam terma jamoa safidagi debyut golimligini aniq eslay olmasdim. O'yindan keyin bildim. Albatta, xursand bo'lamiz. Xudo xohlasa davomiy bo'ladi, deb umid qilaman.

Gol urgandan keyin oqsoqlanib qoldingiz va zaxiraga olindingiz. Hozir ahvolingiz qanaqa?
Sakrab erga noqulay tushdim, shu sababli og'riz his qilib, zaxiraga olingandim. Hozir barchasi joyida, tashvishlanishga o'rin yo'q.

Bosh murabbiy Sloveniyaga uchib ketdi. Bu jamoaga salbiy ta’sir ko'rsatmaydimi?
Hozir kiyinish xonasida bolalar bilan bu haqida gaplashdik. Muammo bo'ladi deb o'ylamayman. Biz u nima xohlashini yaxshi bilamiz va iloji boricha uning ko'rsatmalaridan chiqmaslikka harakat qilamiz.

"Bunyodkor" stadionida muxlislar daldasi qanchalik kerak?
Bizga har doim muxlislar daldasi doimo muhim. O'zbekistonda o'ynagan o'yinlarimizda g'alaba qozonsak, butun mamlakat xursand bo'ladi - biz uchun eng muhimi shu.  

Gonkongdagi maydon holati haqida
To'g'risi, maydon holati yomonroqligi haqida bilardik, lekin kichikroqligini bilmagandik. Borganda bilib oldik. Mashg'ulotlar vaqtida ozroq noqulay bo'ldi, biroq o'yin vaqtida bunga e'tibor bermaslikka harakat qildik hamda g'alaba qozondik.


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: championat.asia