Ro'ziqul Berdiev: “Qo'pol xatolar sabab yutqazdik”

Xayrulla Xoliqov
29 iyul 2018
“Nasaf” – “AGMK” (0:2) uchrashuvidan so'ng o'tkazilgan matbuot anjumanida mezbonlar ustozi Ro'ziqul Berdiev o'z fikrlarini bildirdi.

- "Bugun omad ko'proq AGMK jamoasiga kulib boqdi. Birinchi bo'limda ko'proq vaziyatlar yarata oldik, agar bu vaziyatlarni golga aylantirganimizda natija boshqacha bo'lishi ham mumkin edi. Mag'lubiyatni tan olishimiz kerak. Aslida omad ham kuchlilarga kulib boqadi. Bugun aksiga olib tajribali o'yinchilarimiz qo'pol xatolarga yo'l qo'yishdi".

- "Bunday xatolarni raqib kechirmaydi. Agar AGMK kiritgan gollarga e'tibor qaratsak, ular oson gollar urishdi. Menimcha, raqib o'yinchilari bunday xatolarimizni kutmagan bo'lsa kerak. Ikkinchi bo'limda maydonga tushgan yosh o'yinchilarimiz ruhiyatiga ham salbiy ta’sir ko'rsatdi. Xullas, bugun qo'pol xatolar sabab mag'lubiyatga uchradik".

- "So'zimning oxirida har qanday holatda ham bizni qo'llab-quvvatlab turgan sodiq muxlislarimizga alohida minnatdorchilik bildiraman. Rahmat sizlarga!"

"Nasaf" PFK matbuot xizmati. 


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: