

- O'yin haqida
- O'ylashimcha, yomon o'ynamadik, ammo omadimiz kelmadi. Bazi vaziyatlarda O'tkir Yusupov yaxshi harakat qildi va qarshi hujumdan keyin gol o'tkazib yubordik. Yigitlarga etirozim yo'q, ammo natija yomon bo'ldi. Bugungi o'yin haqida boshqa fikr yo'q. "Navbahor" ko'p vaziyat yaratmadi, lekin uzoqdan tepilgan to'p darvozaga kirib ketdi.
- Legionerlarni asosiy tarkibda tushirsangiz bo'lmasmidi?
- Ikkinchi taymda legionerlarni maydonga tushirib, o'yinni kuchaytirishni reja qilgandik. Bugungi rejamiz to'g'ri ketayotgandi, ammo omadimiz kelmadi, deb o'ylayman.
- Qizil kartochka berilgan holatda Umid Ergashev to'pga chiqib kelishi kerak emasmidi?
- Chetlatish bo'lgan vaziyatni takroran ko'rmadim, o'ylashimcha, Oybek to'pga birinchi ulgurayotgandi. Balki qizilga tortadigan vaziyat bo'lmagandir, ammo qaytaraman, o'sha vaziyat videosini ko'rib chiqishim kerak.
- Rahbariyat bilan qandaydir kelishmovchilik yuzaga kelgani haqida xabarlar chiqdi. Jamoa va klub alohida respublikaga aylanib qolgan, deb ham eshitdik. Bu ham jamoa natijalariga ta’sir qilyaptimi?
- To'g'risini aytaman, vaziyat biz kutgandek emas. Ko'p muammolar echilmayapti. Bugungi mag'lubiyatni o'z bo'ynimga olib, ertaga ularning oldiga kirmoqchiman. O'z taqdirim haqida gaplashmoqchiman, balki yaqin kunlarda yangilik eshitarsizlar. Natija qilish uchun faqat murabbiy yoki futbolchilar javobgar bo'lmasligi kerak, hamma birlashishi kerak. Rahbariyat bilan ochiqchasiga gaplashmoqchiman.
- Demak, muammolar futbolchilarning ruhiy holatiga ham ta’sir qilgan...
- Albatta, har safar futbolchilarga "uka o'ynanglar" deb ruhlantirish samara beravermaydi. Jamoa uchta frontda kurashni davom ettirmoqda.
- Muammo aynan nimada?
- Tashkilotchilik masalasi. Oylik ham, mukofot pullari ham. Yigitlarni rag'batlantirish kerak, motivaciya berish kerak. Bu gaplarim mag'lubiyatga bahona emas. Agar tashkiliy tomonlama e'tiborsizlik bo'laversa, balki o'zim ham yakuniy qarorni qabul qilishim mumkin.
Muammo ancha oldin rahbariyatga ma'lum qilingan. Jamoaga e'tibor kerak, rahbariyat jamoani qo'llab-quvvatlashi kerak. Shunga e'tibor qaratishlarini so'rayman, agar bunday bo'lmasa, boshqa yangiliklar bo'lishi mumkin.



