Ro'zimboy Ahmedov: "Mavsum boshida istalgan kuchli raqib bilan o'ynasa bo'ladi"

Iskandarov Abdulaziz
29 yanv 2026
"Xorazm"ning 2026 yilgi mavsumdan umidi katta.

O'tgan yili elitada o'rnini saqlab qolgan jamoa tayyorgarlikni qizg'in ruhda olib bormoqda. Jamoada Sergey Tokov ish boshladi, tarkibda o'zgarishlar etarlicha. Startda esa ularni "Nasaf" kutmoqda. Bu borada klub bosh direktori Ro'zimboy Ahmedovga yuzlandik.

- "Xorazm"ning Superligaga taraddudi haqida...

- Tayyorgarlik yaxshi ketmoqda. Toshkentdagi ikki bosqichli o'quv-yig'in mashg'ulotimizni yakunladik. Birinchisi 4 yanvardan 14 yanvargacha, ikkinchisi 17-27 yanvar sanalarida olib borildi. Qisqa tatildan so'ng bugun Urganchda yig'ilamiz va ertaga tongda Antaliyaga yo'l olamiz. U erda 17 kunlik yig'in va bir nechta nazorat uchrashuvlarida qatnashamiz. Raqiblar Yevropa jamoalari bo'ladi. Shu tariqa tayyorgarligimiz davom etadi.

- Murabbiylar shtabidagi o'zgarish nima bilan bog'liq bo'ldi? 

- Bu o'zgarish o'tgan mavsum natijalaridan, jamoani yoshartirish va rahbariyatimizning topshirig'i asosida amalga oshdi. Oldimizga o'tgan yilgidan yaxshiroq natija qayd etish vazifasi qo'yilgan. Bu narsa bo'lishi kerak edi.

- Legionerlarni Xorazmga olib kelish qanday kechdi?

- Mazkur masala bilan murabbiylar shtabi, skautlar juda ko'p shug'ullanishdi. Bitta videorolikni yoki chiroyli harakatini ko'rib olib kelganimiz yo'q. 90 daqiqalik o'yinlarini batafsil o'rganib chiqishdi, tahlilchilarimiz kuzatdi, 1 oydan oshiq muzokaralar olib borildi. Yoshroq legioner olish rejamizda bor edi. Natijasini chempionatda ko'ramiz. 

- Mavsumni "Nasaf"ga qarshi o'yin bilan boshlash qanchalik qiyinchilik tug'diradi?

- Birinchi turda kim bilan tushishimizning farqi yo'q edi. Baribir hamma bilan o'ynaymiz. "Nasaf" bilan o'tgan yili qiziqarli o'yinlar o'tkazganmiz. Ikkita o'yinda ham munosib kurashgan edik. Dastlabki turlarda mahorat yoki tajriba katta ahamiyat kasb etmaydi. 1-10 turlarda ishtiyoq yuqori bo'ladi. Jamoamiz oxirigacha kurashadi, maksimal harakat qiladi. Yangi jamoa shakllanyapti. To'g'ri, jiddiy raqib va tajribali jamoa. Start siz o'ylaganchalik bo'lmasligi ham mumkin. Chempionat boshida istalgan kuchli raqib bilan katta ishtiyoq bilan o'ynasa bo'ladi deb o'ylayman. 

Abdulaziz Iskandarov suhbatlashdi


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia