Rossiya futbol sayti O'zbekiston terma jamoasi o'yinini "g'amgin o'yin" deb atadi

Xayrulla Xoliqov
20 noya 2017
Rossiyaning eng mashhur saytlaridan biri Championat.com jahon chempionatiga chiqa olmagan sakkizta terma jamoaga alohida to'xtalib o'tdi. Rus hamkasblarimiz e'tiboridan JCH-2018ga bora olmaydigan O'zbekiston terma jamoasi ham o'rin oldi.


Maqola muallifi Gollandiya, Uels, Italiya, Slovakiya, AQSH, Chili, Kamerun va O'zbekiston milliy terma jamoalarining nima uchun jahon chempionatiga chiqa olmaganini sabablar bilan keltirib o'tgan.

Masalan, Gollandiyaning chiqa olmaganiga avlodlar almashinuvi, Uelsga Beylning jarohat olgani, Slovakiyaga reglament g'alati kelgani, Italiyaga murabbiyning o'zboshimchaligi, AQSHga autsayder jamoadan mag'lub bo'lgani, Chiliga o'yinchilarning spirtli ichimlik istemol qilgani, Kamerunga esa doimiy janjallar xalaqit bergani aytib o'tilgan.

O'zbekiston terma jamoasining jahon chempionatiga yo'l ola bilmaganini esa rus futbol sayti "g'amgin o'yin" tufayli deb atadi. Ular bizga shunday baho berishgan: O'zbekiston saralashning ikkinchi raundini ajoyib tarzda o'tkazdi: ettita g'alaba va atigi bir mag'lubiyat. Jamoa keyingi bosqichni ham yaxshi boshladi, biroq qaysidir vaziyatlarda o'ziga o'xshamay qoldi. O'zbekistonning Suriyaga mag'lub bo'lishi umuman kutilmagan hol bo'ldi. Oxirgi Janubiy Koreya bilan kechgan bahsda esa o'ta g'amgin (mayus) futbol namoyish etishdi. Natijada bu jamoa to'plar nisbatiga ko'ra Suriyani uchinchi o'ringa o'tkazib yuborib, o'zi to'rtinchi o'rin bilan cheklandi.


Xayrulla Xoliqov Muallif
Manba: championat.com