"Real" va "Barselona" sobiq futbolchisi endi Qirg'iziston milliy terma jamoasini boshqaradi

Aslanov Jasurbek
10 dek 2025
Bugun, 10 dekabr kuni Qirg'iziston futbol ittifoqi prezidenti Kamchibek Tashiev ishtirokida Robert Prosinechki bilan shartnoma imzolandi.

Kelishuv 1 yil va 1 oy muddatga mo'ljallangan bo'lib, agar jamoa "Osiyo Kubogi-2027"da muvaffaqiyatli ishtirok etsa, shartnoma yana 3 yilga uzaytiriladi.

Jahon futboli afsonasi Robert Prosinechki - "Real", "Barselona" va "Crvena Zvezda"ning sobiq futbolchisi, JCH-1998 bronza medali sohibi endilikda Qirg'iziston terma jamoasiga ustozlik qiladi!

Mutaxassis bunga qadar to'rtta milliy terma jamoani boshqargan:

  • Xorvatiya (2006–2010)

  • Ozarbayjon (2014–2017)

  • Bosniya va Gertsegovina (2018–2019)

  • Chernogoriya (2024–2025)


Qirg'iziston terma jamoasining yangi ustozi Robert Prosinechki qanday futbolchi bo'lgan?

Robert Prosinechki - shunchaki murabbiy emas, balki 90-yillar jahon futbolining haqiqiy afsonalaridan biri. U o'yinni tashkil qilish, aniq pas va kuchli zarbalari bilan mashhur bo'lgan noyob istedod egasi edi.

Quyida uning futbolchilik faoliyatidagi eng muhim faktlarni keltirib o'tamiz:

  • Yevropa cho'qqisi: Prosinechkining yulduzli onlari "Crvena Zvezda" klubi bilan bog'liq. U 1991 yilda Belgrad klubi safida Yevropa Chempionlar kubogi (hozirgi Chempionlar ligasi) g'olibiga aylangan. U jamoaning "miyasi" hisoblanardi.

  • Ikki grand tarkibida: Xorvatiyalik yarim himoyachi Ispaniyaning azaliy raqiblari - ham "Real Madrid" (1991–1994), ham "Barselona" (1995–1996) safida to'p surgan tarixdagi kam sonli futbolchilardan biri hisoblanadi.

  • Terma jamoalardagi rekord: Prosinechki Jahon chempionatlari tarixida ikki xil davlat terma jamoasi safida gol urgan noyob futbolchidir (1990 yilda Yugoslaviya va 1998 yilda Xorvatiya tarkibida).

  • Jahon etirofi:

    • 1987 yilda Yoshlar o'rtasidagi Jahon chempionati g'olibi bo'lgan va turnirning "Eng yaxshi futbolchisi" (Oltin to'p) deb topilgan.

    • 1990 yilgi Jahon chempionatining "Eng yaxshi yosh futbolchisi" unvonini qo'lga kiritgan.

    • 1998 yilgi Fransiyada o'tgan mundialda Xorvatiya terma jamoasi bilan bronza medallariga ega chiqqan.

  • APLdagi iz: Faoliyatining so'nggi qismida Angliyaning "Portsmut" klubida o'ynab, jamoani quyi ligaga tushib ketishdan saqlab qolgan va mahalliy muxlislar yoqimtoyiga aylangan.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: t.me/kyrgyzF