Ravshan Ermatov: "Vatan sharafini himoya qilish, uning obro'sini yuksaltirish katta baxt"

Narzulla Saydullayev
27 iyul 2014
Kuni kecha Olimpiya shon-shuhrati muzeyida FIFA referisi Ravshan Ermatov va uning yordamchisi Abdulhamid Rasulovni tantanali ravishda taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.
Ushbu tadbirda muhtaram yurtboshimiz tomonidan Ravshan Ermatovga “El-yurt hurmati” ordeni hamda qimmatbaho “Malibu” avtomashinasi berilgani e'lon qilindi.

Shundan so'ng FIFA hakami o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

"Kamtarona mehnatlarimni Vatanimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlagan Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik izhor etaman", - deb gap boshladi Ravshan Ermatov. 

"Bunday e'tibor va g'amxo'rlik kelgusida yanada yuksak marralar sari rag'batlantiradi. Jahon chempionatida biz ne-ne ulug' allomayu mutafakkirlarga beshik bo'lgan buyuk yurt farzandlari ekanimizni, biz hech kimdan kam emasligimiz va kam bo'lmasligimizni isbotlashni maqsad qilgandik va bu ezgu maqsadimizga etishganimizdan xursandmiz.

Uchrashuvlarni xatosiz boshqarishimizda xalqimiz, millionlab o'zbekistonlik futbol muxlislarining ishonchini oqlash mas'uliyati bizga katta kuch-g'ayrat bag'ishladi. Xalqaro maydonlarda Vatan sharafini himoya qilish, uning obro'sini yuksaltirish katta baxt. Futbol olamining eng nufuzli musobaqasi  jahon chempionatida O'zbekiston nomidan qatnashganimizdan faxrlanamiz. Xalqaro maydondagi bunday muvaffaqiyatimiz zamirida Prezidentimiz rahnamoligida sportni, jumladan, futbolni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e'tibor va g'amxo'rlik mujassamdir", - deydi Ermatov.


Kamoliddin Alimov yozib oldi

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia