Ravshan Ermatov: "O'zbekiston mart oyida KONMEBOL, KONKAKAF va Afrika jamoalari bilan o'ynaydi"

Sherzod Nurmatov
23 dek 2025
O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov Championat.asia saytiga JCH oldidan qanday rejalar amalga oshirilayotgani xususida ma'lumot berarkan, Qatar yig'ini va O'zbekiston mezbonligidagi FIFA Series loyihasi haqida ham gapirdi.

"JCHda milliy terma jamoamiz ilk bor ishtirok etadi. Albatta, puxta tayyorgarlik ko'rish juda zarur. Guruhimizdagi raqiblar o'ta jiddiy - Portugaliya, Kolumbiya va pley-off g'olibi bo'ladigan Afrika jamoasi. Umuman olganda, mundialda kuchsiz terma jamoaning o'zi bo'lmaydi. Hamma raqiblar o'ziga yarasha kuchli. Puxta tayyorgarlik ko'rib, har bir raqibga qarshi munosib o'yin ko'rsatishimiz kerak. 

Yanvar oyida Qatarda yig'in olib boriladi. Mart oyida FIFA bilan hamkorlikda FIFA Series loyihasi doirasida Janubiy Amerika (KONMEBOL), Markaziy Amerika (KONKAKAF) va Afrika jamoalari bilan o'yinlar tashkil etiladi. Bu borada muzokaralar davom etmoqda. Mazkur xalqaro musobaqa Toshkentda o'tadi. 

FIFA Series ikkita yarim final, 3-o'rin uchun bahs va finalni ichiga oladi. Shundan so'ng may oyida O'zbekistonda 2 haftalik o'quv-yig'in mashg'ulotlari o'tkaziladi. Taxminan 20-25 may oralig'ida tayyorgarlik Kanadada davom ettiriladi. Bu vaqt tafovutiga ko'nikishga xizmat qiladi. Kanada terma jamoasi bilan o'rtoqlik o'yini o'tkazamiz. Kelishuvga erishilib, shartnoma tuzilgan. 

Iyun boshiga kelib biz terma jamoa qarorgohi aynan qaysi shaharda bo'lishiga aniqlik kiritib olamiz. U erda yakuniy tayyorgarlik bo'ladi va mundial oldidan so'nggi o'rtoqlik bahsi ham o'tkazilishi rejalashtirilgan. Hammasi inobatga olingan va ayni paytdagi taxminiy rejalarimiz shunday ko'rinish olgan. Boshqacha to'xtamga kelish uchun FIFA kunlari yo'l qo'ymaydi, futbolchilarimiz klublari ixtiyorida bo'ladi", – dedi Ermatov.

Avvalroq O'zbekiston Kanada bilan o'rtoqlik o'yinida maydonga tushishi e'lon qilingan edi. 


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia