Rauf Inileev: "Osiyo futboli ham jismoniy taraflama Yevropa futboliga yaqinlashib bormoqda"

Sherzod Nurmatov
7 fev 2022
Minsk shahrida 2022 yilgi "Rivojlanish kubogi" musobaqasi start oldi. Vakillarimiz 1-turda belarusliklarga qarshi maydonga tushishdi.

Unda Belarus U-17 O'zbekiston U-18 ni mag'lub etdi (4:2). Uchrashuvdan so'ng termamiz ustozi Rauf Inileev fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

"Birinchi o'yin har doim qiyin kechadi, ayniqsa, mezbonlarga qarshi bo'lsa. "Peresadka"lar ozginga toliqtirib qo'ydi. Shuning uchun boshida yigitlarimiz charchab qolishdi. 

Umuman olganda, o'yin qiziq kechdi va gollarga boy o'tdi. Menga Belarusning o'yini yoqdi, ammo o'z terma jamoamiz ham munosib ravishda to'p tepdi", – deya gap boshladi O'zbekiston U-18 bosh murabbiyi Rauf Inileev. 

- Mazkur musobaqadan kelajakda nimalarni kutyapsiz? Turnir jamoangizning keyingi rivojida qanday rol o'ynaydi?   

- Turnir o'z nomi bilan  ("Rivojlanish kubogi" – tahr.) barchasini anglatib turibdi. Musobaqa yosh futbolchilarimizga qo'l keladi, chunki ular bu yoshda kattalarga qo'shilib ketishda qiyinchilikka duch kelishadi. O'ylaymanki, turnirning bu boradagi roli katta. Musobaqa doirasidagi uchrashuvlar mamlakatlarimiz o'smirlari rivojlanishiga hissa qo'shadi.    

- UEFA tasnifiga kiruvchi Belarus termasiga qarshi o'ynash qanday kechdi? Farq sezildimi? 

- Bilasizmi, Osiyo futboli ham jismoniy taraflama Yevropa futboliga yaqinlashib bormoqda. O'ylaymanki, farq katta emas, ammo ustunlik baribir Yevropa futbolida. Fursatdan foydalanib, taklif uchun Belarus futbol federatsiyasiga minnatdorlik bildiramiz. Hammasi yuqori saviyada tashkil qilinibdi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Беларусь футбол федерацияси