Rasman: "Al Hilol"ning yana bir o'yinchisida koronavirus aniqlandi

Tolibjon Qosimov
14 sen 2020
Bugun OCHL-2020 guruh bosqichi 3-turi doirasida "Al Hilol" va "Paxtakor" jamoalari o'zaro bahs olib borishlaridan xabaringiz bor.

12 sentyabr kuni saudiyaliklarning 5 nafar o'yinchisida Covid-19ga topshirgan test natijalari ijobiy chiqqani haqida xabar bergan edik. Biroz avval esa o'sha futbolchilar kimlar ekanligi haqida xabar bergandik.

OCHL. "Al Hilol"ning qaysi o'yinchilarida koronavirus aniqlangani ma'lummi?

"Al Hilol" matbuot xizmati bergan ma'lumot "Championat.asia" tarqatgan xabar to'g'ri ekanligini tasdiqladi. Bundan tashqari, riyodliklar yana bir o'yinchida test natijasi ijobiy chiqqanini ma'lum qilishdi. Yarim himoyachi Navaf Al Obidning Covid-19ga topshirgan test natijasi ijobiy bo'lgan. Demak, "Paxtakor"ning bugungi raqibida rasman 7 kishi karantinga olingan va tibbiyot xodimlarining doimiy nazoratida. Bular:

Menejer: Saud Kariri

Darvozabon: Muhammad Vakid

Himoyachi: Muhammad Al Burayk

Yarim himoyachilar: Salmon Al Faraj, Hamad Alabdan, Navaf Al Obid

Hujumchi: Saloh Shehri.

Yuqoridagi futbolchilardan o'ng qanot himoyachisi Muhammad Al Burayk va markaziy yarim himoyachi (Al Shalhubdan keyingi sardor) Salmon Al Faraj asosiy tarkib o'yinchilari hisoblanishadi.

Eslatib o'tamiz, OCHL guruh bosqichi 3-turidan o'rin olgan "Al Hilol" - "Paxtakor" bellashuvi bugun mahalliy vaqt bilan 21:00 (Toshkent vaqti bilan 23:00)da "Al Janub" stadionida bo'lib o'tadi.

OCHL. "Al Hilol" - "Paxtakor" o'yiniga oid qiziqarli ma'lumotlar


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: "Ал Ҳилол" матбуот хизмати