Ramos "Barsa" bilan o'yinda gol urishni juda qattiq xohlagandi - u g'alaba to'pini kiritdi. Biroq...

Omonjon To`xtamirzayev
30 sen 2023
Assistentlik vazifasida esa Serxioning o'zi etti yil avval "El Klasiko" arafasida maydonga qo'lidan ushlab tushgan yigitcha edi.

"Barselona" va "Sevilya" bellashuvi ko'pchilik tomonidan Serxio Ramosning azaliy raqibga qarshi yana bir "jangi" sifatida ham kutilgandi. Futbolchining o'zi ham intrigani oshirish maqsadida quyidagicha fikr bildirgandi: "Umid qilamanki, "Sevilya"ga qaytganimdan keyingi ilk golimni "Barsa" bilan o'yinda uraman. Golni qanday nishonlashni ham o'ylab qoldim va bu barcha uchun yoqimli bo'lar edi".

Serxio chindan gol urishni uddaladi, qo'shimchasiga u kiritgan to'p – g'alabani taminladi. Biroq... Bu gol o'z klubi darvozasiga urilgandi. Bellashuvning 76-daqiqasida "Barselona"ning yosh iqtidori Lamin Yamal qanotdan to'pni jarima maydonchasi tomon yo'lladi, Ramos esa beo'xshov harakati bilan to'pni darvozaga burib yubordi. Darvozabon bu vaziyatda bir nima qilishga ojiz edi.

● Bu Serxio Ramosning La Ligadagi bor yo'g'i uchinchi avtogoli. Bungacha u hali "Real"daligida avtogollar urgan – qizig'i, har ikki safar ham raqib "Sevilya" bo'lgandi.

● Ramos faoliyati davomida "Barselona"ga 5 ta gol urgan – bu himoyachi faoliyatidagi uchinchi natija. Kataloniyaliklardan ko'proq Serxiodan "Atletik" va "Atletiko" (6 tadan gol) va "Sevilya" (7) aziyat chekkan.

● Ramos "ko'k-anorranglilar"ga qarshi 48 bor maydonga tushgan – faoliyatida eng ko'p duch kelgan raqib.

Yana bir e'tiborga loyiq syujet: avtogolga uzatmani 16 yoshli Lamin Yamal etkazib berdi. "Barselona" vunderkindi 2016 yil "El Klasiko"da ishtirok etgan – o'yin avvalida futbolchilar bilan birga yosh bolakaylar maydonga tushadiku. O'shanda maydonga uni aynan Serxio Ramos boshlab tushgandi. Endilikda Ramos va Yamalni golli kombinaciya ham birlashtirib turadi.

Serxioning goli Xavi jamoasiga mavsumdagi 9-o'yinda 7-g'alabani taqdim etdi. Dam olish kunlarini "Barselona" La Liga yetakchisi sifatida qarshi oladi, lekin bugun "Jirona" ham, "Real" ham raqibiga yetib olishi va quvib o'tishi mumkin – raqobatchilar o'zaro ro'baro keladi.


Omonjon To'xtamirzaev 


Omonjon To`xtamirzayevMuallif
Manba: championat.asia