Radamel Falkao: “Golni nishonlash paytida nega quchoqlashish kerak emas?”

“Galatasaray” jamoasining kolumbiyalik hujumchisi Radamel Falkaoning aytishicha, futbolchilarning o'yin paytida raqib darvozasi ishg'ol etilgach, bir birlari bilan quchoqlashib, golni nishonlashlarini taqiqlashdan foyda yo'q.

“Karantin paytidagi futbol uchrashuvini tomosha qilib, menda savol tug'ildi: futbolchilarni gol urilgach, bir birilarini quchoqlagan holda tabriklashlarini taqiqlashdan nima naf? Shundog'am butun uchrashuv davomida ular raqib jamoasi vakillari bilan “kontakt”da bo'lishadi. Burchak va jarima to'plari vaqtida himoyachilar ustimizdan sakrab, to'p uchun kurashishadiku! “Jonli devor” o'rnatilgan vaqtda jamoadoshlar bir birlari bilan juda yaqin joylashishadku?!” deya o'zining Tvitterdagi sahifasida fikrlari bilan o'rtoqlashdi Falkao.

Eslatib o'tamiz, kecha Bundesliganing 26-turi doirasida o'tkazilgan “Borussiya” – “Shalke-04” jamoalari (4:0) o'yini vaqtida mezbonlar raqib darvozasini ishg'ol etgach, ijtimoiy masofani saqlagan holda golni nishonlashgan edi.


Manba: championat.com