"Qizilqum" - "Buxoro". Jamoa bosh murabbiylarining o'yindan keyingi fikrlari

Alisher Ostonov
12 mar 2023
Coca Cola Superligasining 2-turidan o'rin olgan "Qizilqum" - "Buxoro" uchrashuvi yakunlandi.

Eslatib o'tamiz, unda navoiyliklar qo'shnilarini Jasur Xolto'raevning goli evaziga minimal hisobda mag'lub etdi.


Coca-Cola Superliga 2-turi doirasida o'z uyida Buxoroni minimal hisobda mag'lub etgan Qizilqum klubi bosh murabbiyi Asror Aliqulov jamoa avvalgi uchrashuvdagi xatolardan to'g'ri xulosa qilganini va bugungi o'yinda to'g'ri tanlangan taktika evaziga uch ochko qo'lga kiritilganini aytdi.

"Bugun o'ziga xos derbida kuchli raqibni mag'lub etdik. Avvalgi o'yindagi harakatlarimizdan qoniqmagan edim. Bugun Buxoroni to'g'ri tanlangan taktika tufayli mag'lub etdik. Ular kuchli hujum chizig'i orqali bosim uyushtirishini bilar edik. Shu bois, tezkor qarshi hujumlardan foydalanishni afzal ko'rdik. Raqibni yopa oldik va g'alaba qozondik", - deydi Aliqulov.

"Keyingi o'yin bizga juda qiyinchilik tug'diradigan o'yin. Metallurgga qarshi qiyin uchrashuv kutayapti. Bugun derbi bo'lgani uchun qattiq tayyorgarlik ko'rgan edik va ko'p kuch sarflab yubordik".




Coca-Cola Superliga 2-turi doirasida safarda Qizilqumga minimal hisobda yutqazgan Buxoro klubi ustozi Hakim Fuzaylov jamoasi mag'lub bo'lganiga qaramay o'yinda ustunlik qilganini aytdi.

"Ketma-ket ikki uchrashuvda mehmonda o'ynadik va bu jamoamizga biroz qiyinchilik tug'dirdi. Mag'lub bo'lganimizga qaramay jamoam bugun o'yinda ustunlik qildi. Ko'plab vaziyatlar yaratdik, ammo himoyada xatolar bor va ular ustida ishlaymiz. Chempionat endi start oldi. Vaqt bor va ularni bartaraf etamiz", - deydi buxorliklar ustozi.

"Birinchi bo'limda ustunlik qilganimizga qaramay, ko'p to'p yo'qotdik. Ikkinchi bo'limda esa, ustunlik to'liq bizning nazoratimizda bo'ldi va Qizilqum faqat qarshi hujumda o'ynadi".



Alisher OstonovMuallif
Manba: championat.asia