"Qizilqum": Besh futbolchida shamollash alomatlari kuzatilgan va izolyaciyaga olingandi. Hozir barchasi joyida

Narzulla Saydullayev
26 iyul 2020
Xabaringiz bor, ushbu haftada “Qizilqum” futbol klubi futbolchilari, murabbiylar shtabi, barcha ishchi-xodimlardan Navoiy viloyat sanitariya-epidimiologiya osoyishtalik markazi xodimlari tomonidan COVID-19 uchun test tahlillari olingandi.

Bugun championat.asia saytida jamoa a'zolarining 7 nafarining test natijasi ma'lum qilinmaganligi haqida xabar chop etildi. Navoiy viloyat SEOM xodimlari tomonidan o'tkazilgan test natijalaridan so'ng futbolchilarda ushbu kasallikka chalinish alomatlari bor yoki yo'qligi aks ettirilgan ro'yxat klubga, klub esa o'z navbatida PFLga taqdim etgan. Darhaqiqat o'sha ro'yxatdan jamoaning 7 nafar a'zosi joy olmagan. Bu esa tabiiyki turli tushunmovchiliklarni yuzaga keltirgan.

Avvalo takidlash joizki, “Qizilqum” PFK da faoliyat yurituvchi 100 dan ortiq xodimdan test uchun tahlillar olishdi. Tahlil natijalariga ko'ra, ro'yxatdan o'rin olgan dastlabki 50 nafar xodimning javoblari klubga ma'lumot uchun jo'natilgan. Qolgan 50 dan oshiq ishchi-xodimning test tahlili uchun olingan namunalar javobi dushanba kuni ma'lum bo'lishi kutilmoqda.

Qolaversa, futbolchilardan ikki nafari – Azizbek Usmonov va Doniyor Usmonov avvalgi tur o'yinlarida jarohat olishgan va ayni paytda ular jarohatni davolash bilan band. Vohid Shodiev, Muhsin Ubaydullaev, Salim Mustafoev va ikki nafar turkmanistonlik futbolchi Abdi Beshimov va Vezirgeldi Ilyasovda biroz oldinroq shamollash alomatlari kuzatilgan va ular izolyaciyaga olingandi. Ayni paytda ushbu futbolchilarning sog'ligi bilan bog'liq muammolar yo'q. Ular jamoa mashg'ulotlarida to'liq ishtirok etishmoqda va ushbu futbolchilarning test tahlillari natijasi yangi haftada ma'lum bo'lishi kutilmoqda.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: "Қизилқум" матбуот хизмати