"Qarshiga shunchaki kelganimiz yo'q". "Ahal" bosh murabbiyi Begench Garaev ishtirokidagi matbuot anjumani

Aslanov Jasurbek
24 avg 2021
OFK kubogi chorak finalidan o'rin olgan "Nasaf" - "Ahal" uchrashuvidan oldin matbuot anjumani tashkil qilindi. Unda dastlab Turkmaniston klubi bosh murabbiyi Begench Garaev va futbolchi Elman Tagaev ishtirok etdi.

"Birinchi o'rinda iliq kutib olishgani uchun rahmat aytaman. Oldinda bizni mas'uliyatli o'yin kutmoqda. Ortiqcha gaplarni aytish shart emas, deb o'ylayman",-  deydi Begench Garaev.

"Nima ham derdim, yaxshi mehmondo'stlik uchun tashakkurimni izhor qilaman. O'yinga jiddiy tayyorgarlik ko'rdik. Muhim bahs ekanligini tushunib turibmiz",- deydi Elman Tagaev.


- Avvalambor Qarshi shahriga xush kelibsizlar. "Ahal", "Oltin Asr" jamoalarini yaxshi bilamiz. O'ziga hos salohiyatga ega bo'lgan klublar hisoblanadi. "Ahal"ning ertangi o'yindagi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?

- Savol uchun rahmat. Yaqinlashayotgan mustaqillik bayrami bilan tabriklab qolaman. Turkmanistonda ham mustaqillikning 30 yilligi nishonlanmoqda. "Nasaf" katta tarixga ega klub, OFK kubogida zafar quchgan. O'yinga qattiq hozirlik ko'rdik. Raqibning qanday kuchga egaligidan xabarimiz bor. Hammasini o'yin ko'rsatadi. 

- "Nasaf" bosh murabbiyi Ro'ziqul Berdiev borasida nima deya olasiz?

- Ro'ziqul Berdiev bu jamoani ancha yildan beri boshqarib kelmoqda. Rahbariyat ishonch bildirib kelyapti. Mazkur holat murabbiy uchun muhim hisoblanadi. "Nasaf" qisqa paslar bilan hujumkor futbol ko'rsatadi. Qarshiga shunchaki kelganimiz yo'q. Ortga g'alaba bilan qaytishni istaymiz. 

- "Nasaf"ning ichki chempionatdagi muvaffaqiyatsiz natijalari sizni ajablantirdimi?

- To'g'ri natijalar yaxshi emas. Balki bu jamoaning oldiga qo'ygan maqsadi bilan bog'liqdir. "Nasaf" kuchli jamoa bo'lib qolaveradi. 

- "So'g'diyona"dan olingan futbolchi Arslanmirat Amanovning holati qay darajada o'rganildi? O'zbekiston chempionatidagi o'yinlarni ko'rdingizmi?

- O'zbekiston chempionatida temp yuqori. "Paxtakor", "Lokomotiv" singari kuchli klublar ko'p. Arslanmirat bilan bu borada maslahatlashdik. Ertaga hammasini ko'rib olamiz. Aytganimdek bu erga mag'lub bo'lish uchun kelganimiz yo'q. "Nasaf" yaxshi jamoa. Bitta o'yinda hamma narsani iloji bor. 

- "Nasaf" o'yinchilari haqida qanchalik ma'lumotga egasiz?

- Bizda ma'lumotlar bor. Marko Stanoevich, Oybek Bozorov va hokazo. Texnik va tezkor futbolchilar ko'p. O'ylaymanki, ertaga biz istagan natijaga erisha olamiz. 


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: championat.asia