Pro liga. "Istiqlol" moliyaviy muammolar tufayli musobaqani davom ettira olmaydi

Narzulla Saydullayev
12 apr 2021
Farg'onaning "Istiqlol" futbol klubi jamoada yuzaga kelgan ichki vaziyat hamda iqtisodiy masalalar tufayli Pro liga musobaqasini davom ettira olmasligi yuzasidan xat berdi.

Klub 2022 yilgi mavsumni Birinchi ligada o'tkazish istagi bor ekani haqida ham yozgan.

Mazkur masala tegishli instanciya orqali tasdiqlangach, Reglamentning 8.9-bandiga asosan "Istiqlol" klubining joriy mavsumdagi o'yinlari natijasi bekor qilinadi. Bungacha klub 4 ta uchrashuvda ishtirok etib, ularning barchasida imkoniyatni boy bergandi: "Xorazm" 1:2, "Dinamo" 1:2, "Neftchi" 0:2, "Oqtepa" 1:3.

"Istiqlol" 2020 yilgi mavsumda ham shunday xat bilan murojaat qilgan, sabab o'rnida esa "Istiqlol" stadionidan foydalana olmayotganini ko'rsatgandi. Keyinroq O'zPFL va Farg'ona viloyati hokimligi hamkorlikda bu masalani hal qilgandi.

"Istiqlol"ning rasman musobaqadan olinishi bo'yicha tegishli tartibot amalga oshgach, bu haqda tashkilot rasmiy saytida rasman ma'lum qilinadi", - deb yozadi Diyor Imomxo'jaev telegramdagi kanalida.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia