"Navbahor" hech kimga yutqazmayapti, ammo...

Coca-Cola Superliga 17-turining markaziy uchrashuvi nihoyasiga etdi.

"Sherlar" "lochinlar"ga engilmayapti

Kechagisini ham qo'shsak, "Navbahor" ketma-ket 10-o'yinda ham "Paxtakor"ni enga olmadi. Namangan klubi o'zaro uchrashuvlarda so'nggi bor 2018 yilda zafar quchgan edi. Ilhom Mo'minjonov ketganidan keyin hech qaysi murabbiy poytaxt grandini mag'lub qilolmayapti. 


10 o'yinning 4 tasi "sherlar" foydasiga hal bo'lgan (6 durang).

"Navbahor" hech kimga yutqazmayapti

Samvel Babayan shogirdlarining Superligadagi mag'lubiyatsiz seriyasi 12 ta o'yinga etdi. Bu chempionatdagi eng yaxshi natida hisoblanadi (2-o'rindagi "Olimpik" futbolchilarining kuragi 7 turdan beri erga teggani yo'q).


"Navbahor" so'nggi bor aprel oyida "So'g'diyona"ga engilgan edi.

Gollar

Ikkala jamoa chempionat tarixida eng ko'p to'qnashganini bilasiz (64 marta). Jamshid Iskandarov kecha "lochinlar"ning "Paxtakor" darvozasiga urilgan 49-goliga mualliflik qildi. Alijonovning zarbasi esa poytaxt klubining 105-javobiga aylandi.   


Jamshid sobiq jamoasi muxlislarini 1-marta ranjitgan bo'lsa, Hojiakbar "Paxtakor" libosidagi 4-golini urdi.

"Navbahor"da yo'qotish

"Paxtakor" bilan o'yinda mezbonlar vakili Jamshid Boltaboev ogohlantirildi. Bu yarim himoyachi uchun mavsumdagi 4-sariq kartochka hisoblanadi (PFL ma'lumoti). Shu tufayli Boltaboev "So'g'diyona"ga qarshi keyingi tur doirasidagi muhim o'yinini o'tkazib yuboradi. U kubok chorak finalida maydonga tushishi mumkin (bunaqa diskvalifikaciya faqat Superligaga ta’sir qiladi). 

Muxlislar tashrifi

"Markaziy" stadionga o'yinni tomosha qilish uchun 16 950 nafar tomoshabin keldi. Mavsumdagi eng yaxshi natija Namanganga "Bunyodkor" kelganida o'rnatilgan edi - 26 ming (albatta, o'sha uchrashuvga kirish mutlaqo tekin bo'lganini unutmaslik kerak). Ammo "Nasaf"ga qarshi ochilish o'yinida ham chiptalar 50 va 100 ming so'mdan sotilganiga qaramay, arenaga deyarli 20 ming tomoshabin kelgandi. 

2021 yilda ham "Navbahor" - "Nasaf" o'yini "Paxtakor" bilan to'qnashuvga nisbatan ko'proq muxlis to'plagan.

Musobaqa jadvali

Ikkala jamoa ham natijadan qoniqmadi. Endi "Navbahor" 3, "Paxtakor" 4-o'ringa tushib qolishi mumkin. Buning uchun "Nasaf" bugun "Lokomotiv"ni, "So'g'diyona" "Olimpik"ni yutishi kerak. Agar Ulug'bek Baqoev shogirdlari "olimpiyachilar" bilan birga "Neftchi"ni ham mag'lub qilsa, yakka peshqadamga aylanib oladi.

Muallifning telegramdagi kanali → FA| futbol ANALIZI


Manba: championat.asia