"Paxtakor" Griffits o'rniga futbolchi topdi

Narzulla Saydullayev
1 iyun 2018
"Paxtakor" jamoasini yaqinda avstraliyalik Rostin Griffits tark etdi.

Jamoada endilikda osiyolik legioner limiti bo'shab qoldi. Tasdiqlanmagan, ammo bizga ma'lum bo'lgan xabarlarga ko'ra, "Paxtakor" jamoasi o'z tarkibiga "Buxoro"da to'p tepayotgan turkmanistonlik legioner futbolchi Arslonmurot Amonovni qo'shib olishni istamoqda. Superliganing aprel oyi futbolchisiga aylangan Arslonmurot Amonovga "Paxtakor" tomonidan qiziqish bo'lmoqda. Ammo hozircha tomonlar kelishuvga erishishgani yo'q.

Aftidan "Paxtakor" klubi bo'shab qolgan osiyolik legioner limitini Arslonmurot Amonov bilan to'ldirishga qarshi emas. Lekin "Buxoro" jamoasi o'z yetakchisini qo'yib yuborishi oson bo'lmaydi.

Qayd etish kerak, ayni paytda FIFA kunlari munosabati bilan Superligada qisqa tanaffus yuzaga kelgan. "Buxoro" futbolchisi Arslonmurot Amonov esa hozirda o'z yurtida hordiq chiqarmoqda. Ko'p narsa Amonov yurtimizga qaytib kelganidan so'ng ma'lum bo'lishi kutilmoqda.

Eslatib o'tamiz, Superligada transfer oynasi 17 iyun kuni ochiladi.



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia