OFK kubogi-2021. "Nasaf" "Xo'jand" bilan o'yinga tayyorgarlikni quvnoq kayfiyatda boshladi

Narzulla Saydullayev
16 may 2021
Xabaringiz bor, "Nasaf" jamoasi OFK Kubogi-2021 1-turi doirasida Qirg'izistonning "Oloy" jamoasini 4:0 hisobida mag'lub etgan edi.

Kecha jamoa tiklanuvchi mashg'ulotni o'tkazdi. Kunduz kuni bir kun oldin asosiy tarkibda tushmagan o'yinchilar trenajer zalida shug'ullanishdi. Kechqurungi maydonda o'tadigan mashg'ulot esa soat 20:00da boshlandi. Qizig'i, futbolchilar maydonga tushib kelgan zahoti kuchli shamol boshlandi. Bir zumda qum va tuproq zarralari osmonga ko'tarildi, tribunalarda bir kun oldingi o'yindan qolgan qog'oz bo'laklari va paketlar "uchishni" boshladi.

Bugungi mashg'ulot tiklanish uchun o'tkazildi va unda o'yinchilar avval butun maydonni bir necha bor aylanib yugurib chiqishdi. Keyin esa "Oloy" qarshi asosiy tarkibda tushmaganlar alohida Ro'ziqul Berdiev boshchiligida to'p bilan shug'ullanishgan bo'lsa, bir kun oldin boshlang'ich tarkibda bo'lganlar (darvozabon Abduvohid Ne'matov ham) Ilnur Sibagatullin boshchiligida mushaklarni "cho'zish" bilan shug'ullanishdi va o'zaro "kvadrat" o'ynashdi. Bunda o'rtaga ikkita o'yinchi tushdi va to'p ham ikkita bo'ldi. Shuni qo'shimcha qilib ketmoqchiman, ana shu jarayonda Akmal Mozgovoy Marko Stanoevichning, Umar Eshmurodov esa Oybek Bozorovning "ochkosidan oldi" (to'pni oyoqlari orasidan o'tkazdi). Ayniqsa, Bozorov "eb qo'yganidan" keyin uni to'plar bilan nishonga olishdi. 


 



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia