O'FF prezidenti Umid Axmadjonov Qo'qonga tashrif buyurdi

13 yanv 2018, 01:05
Farg'ona viloyati futbol federatsiyasi faoliyati bilan tanishish maqsadida Farg'onaga tashrif buyurgan O'zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Umid Axmadjonov boshchiligidagi ishchi guruh kunning ikkinchi yarmida Qo'qon shahriga yetib keldi.

O'FF prezidenti Qo'qondagi “Markaziy”  stadionda bo'lib, bu yerda davom etayotgan rekonstrukciya ishlari bilan batafsil tanishdi. Jamoa rahbarlari bilan bo'lgan suhbatda Umid Axmadjonov  stadionlarda futbolchilar, matbuot xodimlari, yuqori martabali mehmonlar va muxlislarga yaratiladigan sharoitlarni maksimal darajada yuqori sifatga olib kelish eng birinchi vazifa bo'lishi lozimligini ta'kidladi. 

“ Qo'qon o'zbek  futbolining vatani, biz bu shaxarda futbolimizning ko'plab yubileylarini nishonlaymiz. Bu yil “Markaziy” stadion ko'rinishi go'zal bo'lishi lozim, chunki biz bu yerda o'zbek futbolining 105 yilligini bayram qilmoqchimiz. Buning uchun federatsiya ham qarab turmaydi. Biz sizlarga qo'limizdan kelgan barcha yordamni beramiz“, dedi Umid Axmadjonov.

O'FF prezidenti “Markaziy”  stadionning rekonstrukciya rejasi bilan tanishgach, o'zining qimmatli tavsiya va maslahatlarini berdi.

Umid  Ahmadjonov bir guruh futbol muxlislari bilan ham uchrashdi. Jamoamizning sodiq muxlislari O'FF prezidentiga , muxlislar klubining futbolkasini esdalik sifatida topshirishdi. 

“Qo'qonda futbolni juda xam yaxshi ko'rishlarini bilamiz. Qo'qonlik muxlislar bu borada respublikamizda barchaga o'rnak bo'lmoqdalar. Sizlar jamoanigizni yanada chiroyli tarzda qo'llab tursalaring , futbolchilar ham albatta sizlarni xursand qilishadi. Biz esa muxlislar uchun barcha qulayliklarni yaratishga harakat qilamiz ”-dedi O'FF prezidenti.

O'z navbatida muxlislar ham O'FF prezidentigafutbolimizdagi islohotlar, muxlislarga yaratilayotgan qulayliklar va ularni  o'ylab o'yinlar vaqtini kechki soat 18-00dan keyin boshlash haqida chiqarilgan qarordan minnatdor ekanliklarini bayon etdilar.

O'FF prezdentiga hamroh bo'lgan PFL rahbari Omon G'ofurovva ishchi guruh Uchko'prik tumanidagi stadion bilan xam tanishdilar. Bu stadionda “Qo'qon-1912”ning ayollar jamoasi to'p suradigan bo'ldi.  Mutaxassislar stadionda bartaraf etilishi lozim bo'lgan kamchiliklarni belgilab berdilar.


Manba: kokand1912.uz