"Navbahor" ishtirokidagi o'yin janjal tufayli oxiriga etmay qoldi

Narzulla Saydullayev
10 fev 2021
Ayni paytda o'z o'quv – mashg'ulot yig'inini Turkiyada olib borayotgan “Navbahor” mazkur mamlakatdagi yig'in doirasidagi ikkinchi o'rtoqlik bahsini Qozog'iston Premer-ligasi vakili “Oqjetpes” (Ko'kchatoy) jamoasiga qarshi olib bordi.

Uchrashuvning 1-bo'limi keskin kurashlar ostida o'tib, ko'kchatoyliklar 2-daqiqadayoq standart vaziyatdan hisobni ochishdi. Chap qanotdan oshirilgan to'pni “Oqjetpes” futbolchilaridan biri boshi bilan darvozaga aniq yo'llab, hisobni ochdi – 0:1.

Muvozanatni tiklashga intilgan "Navbahor" a'zolari hujumkorlikni ancha kuchaytirishdi va bu 10-daqiqada o'z samarasini berdi. “Lochinlar”ning navbatdagi hujumi paytida mahoratli yarim himoyachi Sardor Telyakov 20 metrlar chamasi uzoqlikdan darvozani aniq nishonga olib, hisobni tenglashtirdi – 1:1.

Ammo qozog'istonliklar 34-daqiqada "Lochinlar" darvozasini ikkinchi marta ishg'ol etib, tanaffusga 2:1 hisobida chiqib ketishdi.

Ikkinchi bo'limni hujumkor ruhda boshlagan No'mon Hasanov shogirdlari 48-daqiqada raqib futbolchisi o'z jarima maydonchasi ichida to'pni qo'li bilan o'ynaganligi bois, 11 metrli jarima zarbasi tepish huquqini qo'lga kiritishdi. Penaltini jamoa sardori Azimjon Ahmedov aniq amalga oshirib, muvozanatni tikladi – 2:2.

Biroq 56-daqiqada qozog'istonliklar navbatdagi hujumni samarali tarzda yakunlab, hisobda oldinga chiqib olishdi – 2:3.

Shundan so'ng, "Navbahor" a'zolari hisobni tenglashtirish maqsadida, yana hujumkorlikni kuchaytirishdi. Ammo hujumlar yakuniga etmasdi.

Uchrashuvning 83-daqiqasida har ikki jamoa futbolchilari orasida kelishmovchilik yuzaga keldi. Ushbu holatning janjalga aylanib ketishini oldini olish maqsadida, uchrashuv bosh hakami o'yinni muddatidan oldin to'xtatishga qaror qildi.

Natijada “Oqjetpes” 3:2 hisobida g'alaba qozonayotgan ushbu bahs yakuniga etmay qoldi.

Belek shahrida bo'lib o'tgan mazkur o'yinda “lochinlar” ustozi No'mon Hasanov maydonga quyidagi futbolchilarni tushirdi: Rahimjon Davronov, Azimjon Ahmedov, Mirzohid G'ofurov, Davron Hoshimov, Nikola Tasich, Ehsoni Panshanbe, Ivan Solovyov, Marko Putinkanin, Sardor Telyakov, Abbos G'ulomov, Zabihillo O'rinboev.

Zaxiradan maydonga tushganlar: O'tkir Yusupov, Shohruh Mahmudhojiev, Farhod Mirahmatov, Mirzohid Mirzamahmudov.





Reklama



Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfcnavbahor.uz