“Nasaf” yangi futbolchilarini tanishtirdi

Оқил Абдубарноев
7 fev 2024
Bugun Mulla To'ychi Toshmuhammedov nomidagi Qashqadaryo viloyat akademik drama teatrida “Nasaf” jamoasiga tantanali ravishda Superliga-2023 kumush medallari topshirildi.

Tadbirda Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov so'zga chiqib, viloyat ahlini o'tgan mavsumda jamoa tomonidan qo'lga kiritilgan yutuqlar bilan tabrikladi hamda jamoa oldidagi maqsad va vazifalarni bajarish uchun viloyat rahbariyati har qanday yordamni ayamasligini ta'kidlab o'tdi.

So'ngra klub prezidenti, “Sho'rtan gaz-kimyo majmuasi” bosh direktori Shuhrat Aslanov so'zga chiqib, “Nasaf” futbol klubi o'tgan mavsumda katta hajmdagi ishni amalga oshirganini va jamoa bu bilan to'xtab qolmasligini qayd etdi. Klub prezidenti jamoaning shu darajaga etishi uchun xizmat qilgan barcha ishchi-xodimlar, muxlislar, viloyat rahbariyati va “O'zbekneftgaz” akciyadorlik jamiyatiga o'z minnatdorchiligini bildirdi.

Jamoa nomidan so'zga chiqqan bosh murabbiy Ro'ziqul Berdiev yil davomida “Nasaf”ni qo'llab-quvvatlagan barchaga o'z minnatdorchiligini bildirib o'tdi va yangi mavsumda jamoa oldiga qo'yilayotgan maqsad yo'lida birlashib, viloyatimiz ahli uzoq kutgan chempionlik uchun kurashishga vada berdi.

Shundan so'ng jamoaga yangi kelib qo'shilgan Viktor Da Silva, Zoran Marushich, Temur Chogadze, Igor Golban, Islom Kenjaboev, Sharof Muhitdinov, Bobir Abdixoliqov va Zafar Safarevlar muxlislarga tanishtirildi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: "Насаф" матбуот хизмати