“Nasaf” – “Olmaliq” uchrashuviga oid qiziqarli faktlar

Ikkinchi davradaning ikkinchi uchrashuvida “Olmaliq” jamoasini ikki to'p farqi bilan mag'lub etgan “Nasaf” uch yildan oshiqroq cho'zilgan “qora anana”ga chek qo'ydi.


Gap shundaki “Nasaf” futbolchilari oliy ligada oxirgi marta “Olmaliq” futbolchilarini 2012 yil 3 avgustda, safarda  1:0 hisobida mag'lub etishgan edi. Shundan keyin “ajdarlar” ketma-ket to'rtta uchrashuvda Shkvirin jamoasi bilan durangga erishgan bo'lsa, birinchi davrada Olmaliqda o'tgan bahsda o'zaro o'yinlar tarixida ilk bor Toshkent viloyati jamoasiga imkoniyatni boy berib qo'yishgandi – 0:2. Kechagi bellashuvda “Nasaf” uch yillik tanaffusdan keyin “Olmaliq”ni dog'da qoldirishga erishdi.

“Nasaf” va milliy termamiz posboni Eldorbek Suyunov ketma-ket uch uchrashuvdan buyon o'z darvozasi daxlsizligini saqlab kelmoqda. “Nasaf” so'nggi marta 14-tur doirasida Toshkentda “Paxtakor”ga qarshi o'yinda o'z darvozasidan to'p o'tkazib yuborgandi. Umuman “Nasaf” futbolchilari joriy mavsumda o'tkazilgan 17 ta bahsning 9 tasida o'z darvozalari daxlsizligini saqlab qolishga erishishgan.

Kechagi bahsda Azamat Allaniyazov joriy mavsumda o'zining ilk golini kiritgan bo'lsa, Shoxrux Gadoev mavsumdagi beshinchi to'pini raqiblari darvozasiga yo'lladi. Shohrux bungacha “Qo'qon-1912”, “Qizilqum” (2 ta), “So'g'diyona” jamoalari darvozasini ishg'ol etgandi. Qizig'i, Gadoev joriy mavsumda kiritgan gollarining to'rttasini chap oyoqda raqib darvozasiga yo'llangan bo'lsa, bitta to'pni boshi bilan darvoza to'riga tushirgan.

“Olmaliq”qa qarshi bahsda joriy mavsumda ilk marta “Nasaf” futbolchilaridan hech biri bosh hakam tomonidan ogohlantirish va qizil kartochka bilan “siylanmadi”...


Manba: fcnasaf.uz