

Nasaf futbol maktabiga 2009 yilda asos solingan. Bu dargohdan hozirgacha ko'plab charm to'p ustalari yetishib chiqqan va bu jarayon davom etmoqda.
So'nggi yillarda Nasaf futbol klubining erishgan yutuqlarida ham futbol maktabining o'z o'rni bor. Hozir kunda jamoaning o'zagini ham aynan ushbu dargoh bitiruvchilari tashkil etadi. Bundan tashqari Nasaf futbol maktabi turli yoshdagi terma jamoalarga futbolchilarni etkazib bermoqda.
O'z vaqtida Nasaf futbol maktabida futbol sir-asrorlarni o'rgangan Azizjon G'aniev, Odil Xamrobekov, Islom Kenjaboev, Islom Rashidxonov, Bobir Abdixoliqovlar hozirda O'zbekiston va BAA va Belarus klublarida to'p tepishmoqda.
Yuqorida keltirib o'tgan yutuqlarimiz bu o'z vaqtida Nasaf futbol klubida bolalar futboliga alohida e'tibor berilgani samarasidir.
Ammo vaqt barcha narsaga o'z hukmini o'tkazadi. Yangi qurilgan imoratlar ham vaqt o'tib eskira boshlaydi. Hozirgi kunda Nasaf futbol maktabi sun'iy maydoni ham o'z xizmat vazifasini o'tab bo'lgan. So'nggi o'n yillikda ko'plab futbolchilarni etkazib berishda xizmat qilgan maydonning hozirgi holatini yaxshi holatda deb bo'lmaydi. To'g'ri futbol maktabda yana ikkita tabiiy maydon ham mavjud lekin qish mavsumida tabiiy maydonlarda shug'ullanib bo'lmaydi. Tarbiyalanuvchilar esa guruhlarga bo'linib har kuni sun'iy maydonda shug'ullanishlariga to'g'ri keladi.
Nasaf futbol maktabidagi sun'iy maydon 2009 yilda barpo etilganini inobatga olsak, u o'z vazifasini a'lo darajada o'tab bo'ldi. Agar biz kelasi o'n yillikda yangi yulduzlarni kashf etishni xohlasak futbol maktabining moddiy texnik bazasini tubdan yangilashimiz zarur va bu albatta o'z mevasini beradi.
Biz Nasaf futbol klubi tanqid qilishdan yiroqmiz. Nasaf jamoasi yoshlar bilan ishlashda yetakchilardan biri hisoblanadi va bu borada klubda ishlar yaxshi yo'lga qo'yilgan. Ammo futbol jadallik bilan rivojlanib bormoqda. Bu maydonlarda O'zbekistonning, Nasafning kelajagi bo'lgan bolajonlar shug'ullanishmoqda.
Biz mutasaddilardan shu jihatga ham alohida e'tibor berishlarini so'rab qolamiz.
Quyida futbol maktabidagi sun'iy maydonning avvalgi va hozirgi holatini aks etgan fotolarni ko'rishingiz mumkin:







Narzulla Saydullaev



