"Nasaf" Aziz G'anievning transfer qiymatini 1 million AQSH dollari deya baholamoqda

Eldor Akmurzayev
1 iyul 2019
"Nasaf"ning istedodli yarim himoyachisi Aziz G'aniev jarohatidan so'ng yana o'zining sport formasini tiklab bormoqda.

G'aniev jarohati tufayli yarim yildan ko'proq safdan chiqqandi. Joriy mavsum boshlangach yana yashil maydonga qaytgan futbolchi o'zining avvalgi sport formasiga kirib bormoqda.

Endigina o'sib kelayotgan futbolchi jarohati tufayli ma'lum vaqtni yo'qotdi va Osiyo Kubogiga borish imkoniyatini ham qo'ldan chiqargandi. O'tgan yili xorijning bir qator klublari va O'zbekistondan "Paxtakor" jamoasi jizzaxlik futbolchining xizmatlariga jiddiy qiziqish bildirayotgandi. Biroq o'tgan yilgi transfer bozorida "Nasaf" hamda "Paxtakor"ning o'zaro kelisha olishmagani, xorij jamoalaridan tushgan takliflar qarshiliklarni qoniqtirmagani tufayli Aziz Qarshida yana ushlanib qolgandi. Natijada keyinchalik jarohat olgan futbolchining "sovchi"lari eshikni ma'lum vaqt "taqillatmay" qo'yishgandi. Lekin jarohatidan keyin ham avvalgi o'yinlari va jozibador zarbalari evaziga yana ko'pchilikning diqqatini tortayotgan futbolchi borasida qiziqish va takliflar qayta tiklanmoqda.

O'tgan yili "Paxtakor"ning 5 milliardga yaqin taklifiga rad javobini bergan "Nasaf"ga yana toshkentliklardan qiziqish vujudga kelgan. Yaqinda "Paxtakor" norasmiy, yani og'zaki taklif bilan "Nasaf"ga chiqqan. Hali rasmiy muzokaralarga kirishilgani yo'q. Lekin shunisi aniqki, "Nasaf" Aziz G'anievning transfer qiymatini 1 million AQSH dollari deya baholayotgan Nasaf rahbariyati hozirgi holatda 700-800 ming AQSH dollari va keyingi transfer operaciyadagi ma'lum bonuslar evaziga sotishga rozi bo'lishlari mumkin. Xuddi Odil Hamrobekov transfer singari.

Nasaf ayni damda G'aniev bo'yicha mo'maygina taklif tushayotganda transfer masalasi borasida o'ylab ko'rishi mumkin. Chunki futbolchining amaldagi shartnomasi 2020 yil so'nggida tugaydi. Agarda klub hozirda tushayotgan takliflarni o'ylab ko'rmasa yoki futbolchini sotmasa, unda keyinchalik G'anievni erkin agent sifatida qo'ldan chiqarib qo'yish ehtimoli bor. Yoki mavsum yakuniga qadar qarshiliklar Aziz G'anievni ko'ndiradigan shartnoma taklif etib, o'rtadagi bitimni uzaytirishlari lozim bo'ladi. Bu futbolchini keyinchalik ham o'sishga erishsa yanada qimmatroqqa sotish imkoniyatini qoldiradi. Lekin hozirgi holatda (natija/moliya) Azizni qiziqtiradigan taklif bildirish Nasaf uchun og'irlik qilishi mumkin.

G'anievning xorijga ketish vaqti kelgan. Biroq kutilmagan jarohat va Nasafning OCHLsiz qolishi bu masalani yana cho'zib qo'ydi. Xorijga, yaxshi saviyadagi chempionat qiziqishiga uchrash uchun G'aniev kelasi yili qishda Tailandda bo'ladigan yoshlar o'rtasidagi Osiyo chempionatida OTJ bilan Olimpiya yo'llanmasini qo'lga kiritishi va 2020 yili yozda Tokioda qayta porlashi talab etiladi.

P.S. Superligada yozgi transfer oynasi 9 iyul kuni rasman ochiladi.

Shahboz Beg'amovning telegram'dagi kanalidan olindi.


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: championat.asia