“Metallurg”da ichki muhit yaxshi emasmi? “Turon” ikkinchi davrada nimaning evaziga ochkolarini ko'paytirmoqda? Superliganing 17-tur o'yinlari oldidan mutaxassis fikri

Narzulla Saydullayev
8 sen 2021
Coca Cola Superligasida ma'lum muddatlik tanaffusdan so'ng, nihoyat navbatdagi tur o'yinlari start olish arafasida.

Shunday ekan oldinda muxlislarni bir-biridan qiziqarli kechishi kutilayotgan bahslar kutib turibdi desak mubolag'a bo'lmaydi. Xususan, “Navbahor” – AGMK va “Turon” – “Nasaf” uchrashuvlarida mehmon jamoalarga oson bo'lmasligi turgan gap. Shuningdek qolgan qarama-qarshiliklar ham ishqibozlar diqqat markazida turibdi. Bo'lajak uchrashuvlar oldidan mutaxassislarning fikrlarini bilishga qiziqdik va dastlab bu borada sobiq futbolchi Bahodir Rahmonov bilan bog'landik. Muxlislik bo'yicha katta stajga ega bo'lganlar yaxshi eslashsa kerak, o'z vaqtida “Andijon” tarkibida sermahsulligi bilan ajralib turgan, keyinchalik klub tizimida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan Bahodir Rabbonovich hozirda Toshkentda yoshlarga futbolning sir-asrorlarini o'rgatib kelmoqda. Futbolda har bir o'yinga tahliliy yondoshuvlari e'tiborimizni tortib kelayotgan ushbu mutaxassis bilan suhbatlashganimizda, Superliganing deyarli har bir uchrashuvini kuzatib borayotganini alohida ta'kidlab ham o'tdi.

“MASH'AL” – “ANDIJON” 60x40.

Oxirgi turlarda "Mashal jamoasi o'z o'yinini yaxshilashga erishdi va buning natijasida raqiblariga qiyin bo'lmoqda. Bu safar ham “gazchilar” g'alaba qilishga intilishi turgan gap. Lekin "Andijon" ham safarda ochkolar olishni xohlaydi. Nimaning evaziga "Andijon" ochkoli bo'lishi jumboq. "Mashal" agar o'yinga g'alaba istagi bilan chiksa, bunga erishadi.



“METALLURG” – “PAXTAKOR” 30x70.

Mag'lubiyatlar iskanjasiga tushib qolgan "Metallurg"ning peshqadamga jiddiy qarshilik ko'rsatishini muxlislar ham xohlaydi. Biroq jamoa ichida turli kelishmovchiliklar borligi bunga shubha uyg'otadi. Murabbiylar almashuvini ko'p o'yinchilar ijobiy qabul qilmagandek taassurot bor. "Paxtakor" esa har tomonlama ustun. Biroz o'yindagi pasayishni kuchaytirishga e'tibor karatsa kerak va shu bilan birga ijrochilar ustunligi ham bor.



“BUNYODKOR” – “QO'QON-1912” 60x40.
Bir necha yildan beri shu klublarning o'yiniga aloxida e'tibor karataman. Mening nazarimda “Qo'qon-1912” jamoasi himoyaviy taktikasini tanlaydi. Vaholanki tarkibda etarlicha tajribali o'yinchilarga ega. Shu bois qo'rqmasdan xujumkor o'ynasa bo'ladi. Jamoa ko'pincha o'z xatolari hisobiga mag'lubiyatga uchraydi. “Bunyodkor” esa yosh o'yinchilarning shijoati va g'alabaga ishtiyoki balandligi hisobiga ustunlikka erishadi. Agar “Qo'qon-1912” safarda o'ynayotganiga e'tibor bermasa, turning eng qiziq o'yinlaridan bo'lishiga guvoh bo'lamiz.



“NAVBAHOR” - AGMK 50x50.
Shubhasiz 17- turning markaziy uchrashuvi desak bo'ladi. Agar uchrashuvga muxlislar tashrifi uchun ruxsat etilsa, bu - “Navbahor”ga qo'shimcha motivaciya va kuch beradi. Mazkur uchrashuvda taktik jihatdan Jalilov-Kosimov izlanishlariga baho berishimizga to'g'ri keladi. Qaysi jamoa birinchi raqamli bo'lib o'yin ko'rsatishiga ham ko'p narsa bog'liq bo'ladi.



“TURON” – “NASAF” 50x50.

Bu bellashuvda menimcha ustunlikni biror-bir jamoaga berish qiyin masala. Igor Shkvirin shogirdlari murabbiy ko'rsatmalarini o'zlashtirgani tufayli, “Turon” ochkolar sonini ko'paytirib oldi. “Nasaf” oldida esa bir necha frontda kurashishga to'g'ri kelmokda. Har bir yutuk yoki mag'lubiyat keyingi o'yinlarga ta’sir ko'rsatishi mumkin. Buni Ro'ziqul Berdiev yaxshi tushunadi va tarkibda o'ziga yarasha rotaciyalar bo'lishi mumkin.



“QIZILQUM” – “LOKOMOTIV” 50x50.
Mezbon jamoa bu mavsumda tirishqoq o'yini bilan turnir jadvalida yuqori o'rinlarga davogar ekanligini ko'rsatmoqda. “Lokomotiv”da esa yaxshi o'yinlar, o'rtamiyona o'yinlar bilan almashmoqda. Hozir mavsumning deyarli ikkinchi yarmi. Shu sababli jamoa medallar uchun kurashishi qiyin. Ammo har bir ochko uchun kurashni jiddiy olib boradi. Shundan xulosa kiladigan bo'lsak, mazkur o'yin jang bo'ladi.



“SURXON” – “SO'G'DIYONA” 40x60.
Bu o'yin Ulug'bek Baqoev shogirdlarining medallarga kanchalik intilishini ko'rsatib beradigan uchrashuvdir. “Surxon” ham osonlikcha taslim bo'lmaydi. Ochkolar suv va havodek zarur. “So'g'diyona” qarshi tez xujumlarini ko'ngildagidek uyushtirsa, g'alaba kozonadi. Biroq fakat ximoyaga “yotib” olsa pand eyishi mumkin.


Islombek Rustambekov suhbatlashdi.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia