Messi – terma miqyosida 9+ xet-trik qayd etgan uchinchi futbolchi. Leo umumiy faoliyatidagi 57-xet-trigiga erishdi

Eldor Akmurzayev
29 mar 2023
FIFA kunlari doirasida Argentina TJ o'z maydonida Kyurasaoni qabul qilib, 7:0 hisobida zafar quchdi.

Uchrashuvda uchta golga mualliflik qilgan mezbonlar sardori Lionel Messi terma va klubdagi xet-triklarining umumiy sonini 57 taga etkazdi. Bu borada faoliyatini davom ettirayotgan futbolchilar ichida undan oldinda faqatgina Krishtianu Ronaldu bor – 62 ta.

Bundan tashqari, 35 yoshli forvard terma miqyosida 9-xet-trigiga erishdi va bunday natijani qayd etgan uchinchi futbolchiga aylandi. Bu borada ham peshqadam Ronaldu hisoblanadi (10) va uzoq o'tmishdan shvetsiyalik Sven Ryudell 9 ta bahsda uchtadan gol urishga erishgan.

Avvalroq, Messi terma jamoa miqyosida 100+ gol urgan Krishtianu Ronaldu va Ali Dayidan keyingi ilk futbolchi bo'lgani haqida xabar bergandik.


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: Championat.asia