

Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 11-turning eng yaxshi darvozaboni – Abduvohid Ne'matov ("Nasaf")
"Nasaf" tur markaziy to'qnashuvida o'z uyida OKMKni mehmon qildi. Uchrashuvda qarshiliklar 2:1 hisobida ustun keldi. Bu g'alabada posbon Abduvohid Ne'matovning hissasi katta bo'ldi. 24 yoshli darvozabon bahs mobaynida 4 ta seyv namoyish etdi hamda jamoasini bir qator gollardan asrab qoldi, u o'yinning so'nggi soniyalarida ham jamoasi joniga ora kirdi. Shu orqali u Championat.asia ijodkorlari tomonidan 11-turning eng yaxshi darvozaboni deya etirof etildi.

Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 11-turning eng yaxshi murabbiyi – Ro'ziqul Berdiev ("Nasaf")
"Nasaf" tur markaziy o'yinida OKMKni 2:1 hisobida mag'lub etdi. Berdiev shogirdlari ishonchli va mazmunli o'yin namoyish etib, haqli g'alabaga erishdi. Uning taktik ishlanmalari o'z samarasini berdi hamda Mirjalol Qosimov jamoasidan jadvaldagi yetakchilik tortib olindi. Shu tariqa Ro'ziqul Berdiev 11-turning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.

Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 11-turning eng yaxshi futbolchisi – Doniyor Abdumannopov ("Andijon")
"Andijon" ortda qolgan tur "Bobur Arena"da "Surxon" bilan to'qnash kelib, 2:1 hisobida zafar quchdi. Doniyor Abdumannopov mazkur bahsda Bektemir Abdumannonovning goliga assistentlik qilgan bo'lsa, o'zi ham g'alaba keltiruvchi to'pni kiritdi. 24 yoshli vinger golni Potapov qo'riqlayotgan darvozaga shunchaki mixlab qo'ydi va andijonliklarning g'alabasini taminladi. Shu tariqa Abdumannopov 11-turning eng yaxshi futbolchisi deya etirof etildi.

Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 11-turning eng chiroyli goli muallifi – Jamshid Iskanderov ("Neftchi")
"Neftchi" bu tur Farg'onada bir kishi kam bo'lib qolgan "Sho'rtan" ustidan yirik g'alabaga erishdi (4:0). Farg'onaliklar tajribali futbolchisi Jamshid Iskanderov 65-daqiqada standartni aniq va mohirona ijro etdi. Iskanderov olis masofadan jarima zarbasi orqali tepgan to'p darvoza ustunini qaqshatib, to'rdan joy oldi. Shunday qilib, O'zbekiston MTJ xavbeki Championat.asia sayti talqinida turning eng chiroyli gol muallifi deya qayd etildi.

"Bunyodkor" ustozi va legioneri, "Xorazm" posboni - Superligada 1-turning eng yaxshilari



