

Italiyalik posbon Janluiji Donnarumma mag'lubiyatdan so'ng o'zini tuta olmadi.
Penaltilar seriyasidagi mag'lubiyatdan (1:1, pen. 1:4) so'ng, "Manchester Siti" darvozaboni raqib futbolchilari tomon tashlandi. Ma'lumotlarga ko'ra, bosniyalik ayrim o'yinchilar italiyalik posbonni o'z harakatlari bilan gij-gijlashgan.
Janluiji raqib jamoa vakillari Jenis Burnich va Kerim Alaybegovich bilan dahanaki jangga kirishib, ularga yaqinlashishga harakat qildi. Italiya terma jamoasi a'zolari Donnarummani kuch bilan to'xtatib qolishga va kiyinish xonasiga olib ketishga majbur bo'lishdi.
Vaziyatni yumshatish uchun Bosniya sardori Edin Jeko va italiyalik Sandro Tonali ishga aralashib, Janluijini ancha vaqtgacha tinchlantirishdi. Eslatib o'tamiz, Donnarumma penaltilar seriyasi vaqtida ham raqib darvozabonining "shpargalka"sini yirtib tashlab, o'ziga xos antiqahramonga aylangan edi.




