

Jamoa ustozi Eldor Moyliev "Aral"ga qarshi kechgan nazorat uchrashuvidan so'ng fikrlari bilan o'rtoqlashdi.
"Tayyorgarlikning ikki bosqichini Qarshida o'tkazdik. Ayni paytda poytaxtda nazorat uchrashuvlarida ishtirok etyapmiz. Barchasi rejamiz bo'yicha ketmoqda. 8 ta nazorat o'yinlari belgilangan, bu orqali sport formamizni optimal holatga olib kelishni maqsad qilganmiz. Barchaga o'ynash imkoniyatini beryapmiz desam yanglishmayman",- deydi Eldor Moyliev.
- Tarkibni shakllantirishda muammolar bo'lmayapti?
- "Lochin"dagi yigitlar bilan "Nasaf-Farm" jamoasida birga ishlaganmiz, shu bois qiyin bo'lmayapti. Ular bilan Birinchi ligadan Pro ligaga chiqqandik. Tajribali futbolchilarni ham taklif qilyapmiz. Yaxshi jamoa shakllantirishni niyat qilganmiz deya olaman.
- Debyutant jamoa uchun maqsadlar qanday?
- Ko'ryapsiz, jamoalar o'rtasida farq yo'q. Hamma jamoa bilan o'ynasa bo'ladi. Shogirdlarimga yuz foiz ishonaman. Salohiyatimizdan kelib chiqib kuchli uchlikka harakat qila olamiz.
- Jamoaning tajribali hujumchisi Zafar Polvonov o'tgan yili Birinchi ligada gollar urdi. Uning taqdiri nima bo'ldi?
- Zafar Polvonovda yosh o'z so'zini aytadi. Pro ligada tezlik kerak. Iqtidorli hujumchi, lekin uni o'z xohishi bilan U-19 jamoamizga murabbiy etib tayinladik.



