Legionerlar: Jeparov uch kun ichida ketma-ket ikki o'yinda maydonga tushdi

Narzulla Saydullayev
15 iyul 2013
Xorij chempionatlarida to'p surayotgan O'zbekiston milliy terma jamoasining bir nechta a'zolari o'tayotgan haftaning dam olish kunlari o'z klublari safida rasmiy o'yinlarda maydonga tushishdi.
ROSSIYA
15 iyul kuni Rossiya premer-ligasining yangi - 2013/14 yilgi mavsumi start oldi. Shu kuni Mahachqalaning Anji klubi o'z maydonida Moskvaning Lokomotiv klubini qabul qildi va 2:2 hisobida durang o'ynadi. Anji klubi a'zosi, O'zbekiston milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Odil Ahmedov Lokomotivga qarshi o'yin qaydnomasiga kiritilgan bo'lsa-da, maydonga tushmadi.

Lokomotiv safida to'p surayotgan o'zbekistonlik himoyachi Vitaliy Denisov ham Anjiga qarshi kechgan uchrashuvda zahirada qoldirilgan.

QOZOG'ISTON

14-15 iyul kunlari Qozog'iston premer-ligasida 19-tur uchrashuvlari bo'lib o'tdi. Pavlodarning Irtish klubi 15 iyul kuni safarda Taraz klubiga qarshi to'p surdi va 1:0 hisobida g'alaba qozondi. Eslatib o'tamiz, Irtish safida ikki nafar o'zbekistonlik futbolchilar - Ulug'bek Baqoev hamda Kamoliddin Murzoevlar to'p surishadi. Tarazga qarshi kechgan o'yinda faqatgina Toshkentning Bunyodkor klubidan Irtishga ijaraga berilgan Kamoliddin Murzoev o'yinda asosiy tarkibda maydonga tushdi va 90 daqiqa harakat qildi. Ulug'bek Baqoev esa zahirada qoldirildi.

Uch nafar o'zbekistonlik futbolchilar - Marat Bikmaev, Aleksandr Geynrix hamda Temur Kapadzelar to'p suradigan Aktobe klubi 15 iyul kuni safarda Tobolga qarshi to'p surib, 0:1 hisobida mag'lubiyatga uchradi. O'yinda faqatgina Temur Kapadze asosiy tarkibda maydonga tushdi va 90 daqiqa o'ynadi. Aleksandr Geynrix va Marat Bikmaevlar mazkur o'yin qaydnomasiga kiritilmadilar.

Ikki nafar o'zbekistonlik futbolchilar - Shavkat Salomov hamda Ruslan Melziddinovlar to'p suradigan Jetisu klubi Qozog'iston premer-ligasining 19-tur o'yinida mehmonda Atirau klubiga qarshi maydonga tushdi va 1:1 hisobida durang o'ynadi. Ushbu uchrashuvda har ikkala o'zbekistonlik futbolchilar asosiy tarkibda maydonga tushishdi va o'yinda to'liq 90 daqiqa harakat qilishdi.

Ma'lumot o'rnida, 11 iyul kuni Qozog'iston chempionatida to'p surayotgan o'zbekistonlik futbolchilar Yevropa Ligasi 1-saralash bosqichi javob uchrashuvlarida maydonga tushib o'z jamoalarining keyingi bosqichga chiqishiga munosib hissa qo'shishdi.

XITOY

13-14 iyul kunlari Xitoy superligasida 17-tur o'yinlari bo'lib o'tdi. O'zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod futbolchilardan biri - Anzur Ismoilov to'p suradigan Changchun Yatay o'z maydonida Shandong Luneng klubiga qarshi to'p surdi va 2:3 hisobida mag'lub bo'ldi. Anzur Ismoilov uchrashuvda to'liq 90 daqiqa harakat qildi. Milliy terma jamoaga nomzod bo'lgan yani bir himoyachi Kamoliddin Tojiev ham yakuniga etgan turda o'z jamoasi Jiangsuning asosiy tarkibda o'z maydonida Guanchjou Evergrand klubiga qarshi maydonga tushdi va 90 daqiqa o'ynadi. Bu o'yinda ham 1:2 hisobida Jiangsu mag'lubiyatga uchragan qayd etilgan.

Liaoning klubi safida to'p surayotgan O'zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod himoyachilardan biri Shavkat Mullajonov 17 tur uchrashuvida jamoa zahirasida qoldirildi.

O'zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod futbolchilardan yana biri - Egor Krimec 17-turda Beyjing jamoasi tarkibida o'z maydonida Vuxan Zol klubiga qarshi asosiy tarkibda maydongda tushdi va o'yinda to'liq 90 daqiqa harakat qildi. Mazkur o'yinda Beyjing 3:1 hisobida g'alaba qozongan.

JANUBIY KOREYA

15 iyul kuni Janubiy Koreya K-Ligasida ham navbatdagi tur o'yinlari bo'lib o'tdi. K-Liga ishtirokchisi Seongnam Ilva Chunma klubi safida to'p surayotgan O'zbekiston milliy terma jamoasi sardori Server Jeparov 15 iyul kuni o'z maydonida Poxang Stilerz klubiga qarshi maydonga tushdi. Jeparov uchrashuvda asosiy tarkibda maydonga tushdi va to'liq 90 daqiqa harakat qildi. O'yinda 2:2 hisobida durang qayd etildi. Takidlash lozim, 13 iyul kuni mazkur ikki jamoa Koreya FA kubogi o'yinida ham o'zaro kuch sinashgan edilar. 1:1 hisobida durang qayd etlgan va Seongnam penaltilar seriyasida mag'lubiyatga uchragan uchrashuvda ham, Jeparov asosiy tarkibda maydonga tushgan va 61-daqiqada almashtirilgan edi.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: the-uff.com