Kutilmagan iste'fo

Germaniya Futbol Ittifoqi prezidenti Raynxard Grindel iste'foga chiqqani rasman e'lon qilindi.

Germaniya Futbol Ittifoqi rahbariyatida kutilmagan o'zgarish ruy berdi. Ittifoq prezidenti Raynxard Grindel muddati yakunlanmasidan oldinroq iste'fo chiqarildi.

Gap shundaki, kuni kecha Germaniya Futbol Ittifoqida Grindelning iste'fosi muhokama qilingandi. Bugun esa mazkur kutilmagan iste'fo kutilganidan ham tezroq ruy berdi.

Germaniya futboliga ixtisoslashgan saytimiz jurnalisti Shahboz Beg'amov kuni kecha telegramdagi kanalida mazkur holat borasida batafsil izoh qoldirgandi. Germaniya matbuoti Grindelning iste'fosini talab qilib, uning o'rniga terma jamoaning sobiq futbolchisi mazkur lavozimga o'tirishi kerakligi haqida bong urayotgandi.

Kuni kecha Germaniya matbuoti GFI prezidentligiga Filipp Lam nomzodini ideal variant sifatida yozayotgandi. Biroq Filipp Lam kecha mazkur lavozimda ishlash haqida o'ylamayotganini bildirib, gap-so'zlarga nuqta qo'ydi.

Germaniya Futbol Ittifoqi esa sobiq futbolchi Kristof Metcelder nomzodini ko'rib chiqayotgandi. Metcelder esa qishda "Shalke" klubi bilan muzokara o'tkazgan. Gelzerkirxenliklar Metcelderni yozda klub sport direktori lavozimida ko'rishni istashayotgandi.

Germaniya matbuotining yozishicha, Grindelning iste'fosiga bosh sabab sifatida mazkur voqealar katta o'rin tutdi:

- Grindel JCHdagi muvaffaqiyatsizdan so'ng tanqidlar yomg'iri ostida qolgan Lyov bilan kutilmaganda shartnomani (2022) uzaytirgandi.

- Mesut O'zil bilan bo'lgan voqealarni izohsiz qoldirgani.

- Matbuot bilan muloqotda juda kam chiqqani va jurnalistlarning noqulay savollaridan qochgani. Yaqinda ham "DW" nashriga bergan intervyusi paytida FIFAning yangi turnirlari haqidagi savoldan so'ng intervyuni to'xtatgandi.

- Tushunarsiz poziciya. Dastavval Lyovning Xummels, Boateng va Myuller bilan terma jamoada xayrlashganini tanqid qilib, keyinchalik bu tanqidiy ruhdagi gap bo'lmagani va shunchaki uni noto'g'ri tushunishganini aytgandi.

- "DFB-Medien" kuzatuv maslahatchisi sifatida GFIni ogohlantirmasdan oyiga 6000 ming evro haq olib turgan.


Manba: championat.asia