Kaxi Maxaradze: “Asosiy urg'u jamoaviy o'yin va yaratilgan vaziyatlarni ijobiy yakunlashga qaratilmoqda”

Mirjalol Normatov
30 iyun 2018
O'zbekiston Superligasida davralar oralig'ida vujudga kelgan tanaffusdan unumli foydalanish uchun Minsk shaxriga yo'l olgan “temiryo'lchilar” kecha Armanistonning “Bananc” (2:2) klubiga qarshi o'rtoqlik-nazorat uchrashuvida maydonga tushdi.

“Lokomotiv” matbuot xizmati jamoa himoyachisi Kaxi Maxaradze bilan ushbu yig'in va o'yinlar haqida kichik suhbat uyushtirdi.

- Chempionatimizning eng muhim paytiga qizg'in hozirlik olib boryapmiz. Ayni paytda mashg'ulotlar kuniga 2 mahaldan o'tkazilmoqda. Dastlab taktik mashqlar bajarilayotgan bo'lsa, tushdan so'ng trenajyor zalida shug'ullanyapmiz. Asosiy urg'u jamoaviy o'yin va yaratilgan vaziyatlarni ijobiy yakunlashga qaratilmoqda. Bu erning ob-havosi yozda yig'in o'tkazish uchun juda qulay. Qolaversa, ko'plab jamoalar shu erda yig'in o'tkazadi. Biz maydonga tushgan uchrashuvlardagi raqiblarimiz ham yangi mavsumga tayyorgarlik ko'rishmoqda. Bunday o'yinlarda xato va kamchiliklar ustida ishlanadi, bu esa Superliganing qolgan uchrashuvlarida judayam asqotadi, -  deydi mahoratli futbolchi.  

Ta'kidlab o'tamiz, 3 iyulga qadar Minskda shug'ullanadigan "temiryo'lchilar" ertaga so'nggi uchrashuvni Kaliningradning “Baltika” klubiga qarshi o'tkazadi.


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: lokomotiv.uz