
Kannavaroning futbolchilarga munosabati va boshqa ko'plab mavzular. Abbosbek Fayzullaev Rossiya nashriga katta intervyu berdi (2-qism)
- O'zbekistonda har qanday orzu amalga oshishi mumkinligini isbotlayotgan futbolchi bor - Abduqodir Husanov. Bu siz uchun namunami?
- Uning taqdiri - O'zbekistondagi barcha futbolchilar uchun juda katta motivaciya. Va sen qayerdan bo'lishingdan qati nazar - hatto O'zbekistonning kichkina shaharchasidan bo'lsang ham - eng jasur orzular ushalishi mumkinligiga isbotdir. Agar bunga ishonsang va qattiq harakat qilsang, hamma narsa sodir bo'lishi mumkin.
- U rasman "Manchester Siti"ning mavsumdagi eng yaxshi uch nafar futbolchisi qatoriga kirdi. Uning taqdiridagi bunday burilish siz uchun shok bo'ldimi?
- Yo'q. Biz u bilan jahon chempionatida, faqat yoshlar o'rtasidagi musobaqada birga o'ynaganmiz. O'sha paytdayoq uning albatta top-5 ligaga tushishini his qilgandim. Chunki unda jismonan juda kuchli, o'yindagi ishonch va agressivlikni esa Abduqodir o'shandayoq ko'rsatib bo'lgan edi.

- O'ziga bo'lgan ishonchni yo'qotib qo'ymaslik, ayniqsa, "Siti"dagi omadsiz birinchi o'yindan keyin sinib qolmaslik uchun qanday mentalitetga ega bo'lish kerak?
- Agar uning o'rnida boshqasi bo'lganida, birinchi o'yinda undan yaxshiroq o'ynay olarmidi, bilmayman. Bunday yoshda kim ham hayajonlanmaydi deysiz - axir yangi liga, yangi klub, hayotdagi yangi bosqich va yangi daraja. Va birdaniga "Chelsi"ga qarshi boshlash - bu juda qiyin. Ammo birinchi xatodan keyin Abduqodir o'zini qo'lga oldi va o'zini juda yaxshi ko'rsata boshladi.
- Gvardiola haqida biror narsa gapirib berdimi?
- To'p bilan ko'p mashg'ulot o'tkazishlari va taktika bilan shug'ullanishlarini aytdi.
- Husanov umuman intervyu bermaydi, hatto O'zbekiston OAVlariga ham. Jamoada ham u jurnalistlar bilan bo'lganidek kamsuqummi yoki boshqacha?
- Ha, u juda kamsuqum va tinch yigit. Hamma bilan ham ochilavermaydi, faqat yaqin insonlari bilan gaplashadi.
- Siz u bilan yaqin do'stmisiz?
- Ha. Bizda U-20 terma jamoasida birga o'ynagan to'rtta yigitdan iborat "banda"miz bor.
Chelestini qolishimni xohlagandi
- SSKAdan kimlar bilan aloqani saqlab turibsiz?
- Ha, ko'pchilik bilan. Lukin, Kislyak, Moyzes, Guarirapa, Davila, Krugovoylar bilan gaplashib turamiz... Yigitlar omad tilashyapti - va yaxshi ishtirok etishimni so'rashyapti. Kechagina Moyzes yozgandi.
- Bu mavsumda SSKAning o'yinlarini kuzatib bordingizmi?
- Deyarli har bir o'yinini tomosha qildim!

- Sizni bir nechta tillarni biladi deyishadi. Ispan tilini hammi?
- Ha, ispan tilini bilardim, lekin o'tgan yili darslarni to'xtatib qo'ydim - negaligini o'zim ham bilmayman. Hozir shu sababli ko'plab so'zlarni unutyapman. Shuning uchun o'rganishda davom etishim kerak.
- SSKAdagi birinchi mavsumingiz ajoyib chiqqandi. Ammo ikkinchi mavsum davomida bosh murabbiy Nikolich taktikani o'zgartira boshladi va uning romb shaklidagi yangi sxemasida sizga joy topilmadi.
- Ha. Birinchi davrada, menimcha, yaxshi darajada o'ynadim, gollar urdim, golli uzatmalar berdim - adashmasam, 3+6 edi. Chunki o'z poziciyamda maydonga tushardim. Lekin keyin, yig'inlardan so'ng, murabbiy taktikani o'zgartirdi, yarim himoyani romb shaklida qura boshladi va bu menga noqulay edi. Lekin o'shanda ham ko'p narsani o'rgandim - xususan, himoyaga qaytish va unga yordam berishni. Qaysidir manoda plyus tomoni bor, lekin baribir bunday vaziyat rivojlanishimga ozgina xalaqit berdi.
- Bu ham ketish haqidagi qaroringizga ta’sir qildimi?
- Sabablardan biri bo'ldi. Bundan tashqari, shunchaki keyingi qadamni tashlash vaqti kelganini his qilayotgandim.
- Bir yil oldin Vladimir Fedotov bilan ishlash sizga qanday bo'lgandi?
- Juda yaxshi. U menga erkinlik berardi. Ozodlik berilganda esa, o'zimni eng yaxshi tomondan ko'rsata olaman.
- U bilan aloqani saqlab turmayapsizmi?
- Yo'q. Men shunchaki raqamimni Turkiya raqamiga o'zgartirdim va shu sababli ko'plab kontaktlarni yo'qotib qo'ydim. Lekin Nikolich haqida ham yomon xotiralarim yo'q. Transferim amalga oshganda, Marko menga qo'ng'iroq qilib, tabrikladi. Va men undan, takrorlayman, ko'p narsalarni, birinchi navbatda himoyalanish bilan bog'liq jihatlarni o'rgandim. Bu menga futbolchi sifatida yanada yaxshilanishimga, har tomonlama shakllanishimga yordam berdi. Hozir Shahin klubda meni shuning uchun maqtayapti - himoyaga yordam berayotganim uchun.
- Fabio Chelestini bilan ham ko'rishishga ulgurdingizmi?
- Ha. Adashmasam, u kelgan paytda jamoa bilan ikki hafta ishladim. Mashg'ulotlar juda yaxshi edi, menga ular ham, uning g'oyalari ham yoqdi. Fabio mening qolishimni xohlashini aytdi. Ammo o'sha paytda men allaqachon ketishga qaror qilib bo'lgandim.
- Turkiyaga ketayotganingizda, top-5 chempionatlaridan variantlar yo'qmidi?
- U erga ham ketishim mumkin edi, lekin sankciyalar tufayli bu ish amalga oshmadi.
- Qaysi chempionat qiyinroq - Rossiyanikimi yoki Turkiyaniki?
- Menimcha, ikkalasi ham bir xil darajada qiyin. Turkiyada o'ynash Rossiyadagidan ko'ra og'irroq deb ayta olmayman.

Kannavaroning futbolchilarga munosabati va boshqa ko'plab mavzular. Abbosbek Fayzullaev Rossiya nashriga katta intervyu berdi (1-qism)