JCH-2026. 66ta o'yindan 18tasida yirik hisob. Bu nimadan dalolat?

27 iyun 2026, 15:34
Jahon chempionatining guruh uchrashuvlari yakuniga yetishiga kam vaqt qolyapti.

Bugun tongda va ertalab o'tkazilgan bahslarning uchtasi yirik hisobda yakun topdi. Fransiya ikkinchi tarkib bilan o'ynagan Norvegiya darvozasiga 4ta, Senegal Iroqqa beshta, Belgiya ham Yangi Zelandiya darvozasiga beshta to'p kiritdi.

Mana shu hisoblar diqqat-e'tiborni tortdi, negaki bu yilgi mundialda yirik hisoblar ko'payib ketgandek. Hisoblab qarasak, shu paytgacha 66ta o'yin o'tkazilgan bo'lsa, shundan 18tasida yirik hisob qayd etilibdi. Bu dahshatmi? Ha, dahshat.

Dastlab shu paytgacha yirik hisob kuzatilgan o'yinlarni keltirib o'tsak. Jahon chempionatida 48ta jamoa ishtirok etayotganini va jamoalar 12ta guruhga bo'linganini bilamiz. Qizig'i shundaki, 11ta guruhda hech bo'lmasa bitta yirik natija qayd etilgan. Faqat Angliya, Gana, Xorvatiya va Panama kurash olib borayotgan oxirgi "L" guruhida yirik hisob kuzatilmadi.

A guruhi:

Chexiya - Meksika 0:3

Bu guruhda faqat bitta yirik hisob kuzatildi. Meksika Chexiya darvozasiga javobsiz uchta to'p kiritdi.

B guruhi:

Shveytsariya - Bosniya 4:1

Kanada - Qatar 6:0

Qitadoshimiz Qatarning Kanadaga 0:6 hisobida imkoniyatni boy bergani chatoq bo'ldi. Guruhning yana bir o'yinida Shveytsariya raqibidan 4:1 hisobida ustun keldi.

C guruhi:

Braziliya - Gaiti 3:0

Shotlandiya - Braziliya 0:3

Ushbu guruhdagi har ikki yirik hisob Braziliya terma jamoasi ishtirokida kuzatildi. Anchelotti shogirdlari avvaliga Gaitini, so'ngra Shotlandiyani bir xil 3:0 hisobi bilan mag'lub etishdi.

D guruhi:

AQSH - Paragvay 4:1

D guruhida mezbon AQSH Paragvay ustidan 4:1 hisobida zafar quchdi.

E guruhi:

Germaniya - Kyurasao 7:1

Jahon chempionati debyutanti Kyurasao Germaniya bilan bahsda 7ta gol qabul qilib oldi.

F guruhi:

Shvetsiya - Tunis 5:1

Niderlandiya - Shvetsiya 5:1

Tunis - Yaponiya 0:4

Guruhda Shvetsiya Tunisni 5:1 hisobida mag'lub etgandi, keyin o'zi shu hisob bilan Niderlandiyaga engildi. Guruhdagi boshqa bellashuvda Yaponiya ham Tunisdan yirik hisobda ustun keldi.

G guruhi:

Yangi Zelandiya - Belgiya 1:5

Yaqinda nihoyasiga etgan uchrashuvda Belgiya Okeaniya vakili darvozasiga beshta gol urdi.

H guruhi:

Ispaniya - Saudiya Arabistoni 4:0

Osiyo jamoalarining yirik mag'lubiyati Saudiya Arabistoni ishtirokidagi o'yinda ham kuzatildi. Ispaniya bilan bahsda saudiyaliklar javobsiz 4ta gol qabul qilib olishdi.

I guruhi:

Iroq - Norvegiya 1:4

Fransiya - Iroq 3:0

Norvegiya - Fransiya 1:4

Senegal - Iroq 5:0

Bu guruhning 6ta o'yinidan naq to'rttasida yirik hisob qayd etildi. Achinarlisi, Iroq har uchala bahsda yirik mag'lubiyatni qabul qilib oldi. Ilk turda 4:1 hisobida zafar quchgan Norvegiya "keraksiz" bahsda Fransiyaga shu hisob bilan mag'lub bo'ldi.

J guruhi:

Argentina - Jazoir 3:0

Bu guruhda Argentina o'zining dastlabki uchrashuvini yirik g'alaba bilan yakunladi.

K guruhi:

Portugaliya - O'zbekiston 5:0

Mundialdagi yana bir debyutant O'zbekiston milliy terma jamoasi ham yirik mag'lubiyatni totib ko'rdi. Portugaliya bilan bahs 5:0 hisobida raqiblar foydasiga hal bo'ldi.

Endi tahlil va hisob-kitobga o'tamiz. Jahon chempionatida ishtirokchilar sonining ortishi yirik hisoblarni keltirib chiqardi. Aytib o'tganimizdek, 66ta o'yindan 18tasi yirik natija qayd etilgan va bu 27 foizni tashkil qilyapti. Agar JCH ishtirokchilari 64ga etkazilsa (har holda Infantino shuni reja qilyapti), unda yirik hisoblar yanayam ko'p uchraydi. Buning ustiga zerikarli bahslar ko'payadi. Jahon chempionati o'z tarovatini yo'qotadi.

48 jamoa ishtirokidagi Jahon chempionati moliyaviy tomondan yaxshigina daromad keltirmoqda. Lekin aksar o'yinlar AQSHda bo'lib o'tayotganini unutmaylik. Agar Qatarda tashkil qilinganida birgina o'yin chiptasi 1700 dollar bo'lmasdi. Chunki har bir davlatning o'z tosh-tarozisi bor. Futbol tomondan yondashganda zerikarli bellashuvlar ham kuzatildi. Faqat bir darvozaga o'ynalgan o'yinlar bo'ldi.

Osiyo jamoalarining yirik mag'lubiyati hammamizni o'yga toldiradi. Chunki munial Osiyo uchun oyna. Osiyo futboli darajasi mundialda bilinadi, biz shu orqali ko'zguda o'z aksimizni ko'rib olamiz. Hozircha Qatar, Iroq, Saudiya Arabistoni va O'zbekiston yirik mag'lubiyatni qabul qilib oldi.

Har to'rtta jamoa 2027 yil Osiyo Kubogida ishtirok etishini hisobga olsak, bu jamoalar o'z o'yinini kuchaytirishi uchun ko'p ishlashi kerak.

Yaponiya, Eron, Avstraliya va Janubiy Koreya hartugul o'z o'yinini topib olgandek. Yaponiya va Avstraliya keyingi bosqich masalasini hal qildi, Eron va Janubiy Koreya boshqa guruhlardagi vaziyatni kutyapti. Osiyo Kubogida ham shu jamoalar birlamchi favorit bo'lishini taxmin qilish qiyin emas. O'zbekiston terma jamoasiga oxirgi turda faqat ijobiy natija kerak. Guruhdan chiqmasligimiz aniq, faqat Turkiyaga o'xshab oxirgi o'yinda g'alaba qozongan holda qaytsak yaxshi bo'lardi.

X.Xoliqov