Jamoliddin Rahmatullaev: "Penalti yigitlarimning ruhiyatini sindirgani yo'q"

Mirjalol Normatov
27 iyun 2023, 20:53
U-17 Osiyo chempionati chorak finali doirasida Saudiya Arabistoniga qarshi o'yindan keyin O'zbekiston termasi bosh murabbiyi Jamoliddin Rahmatullaev o'z fikrlarini bildirdi.

- Avvalambor, barchaga rahmat. Biz minimal vazifani bajardik. Barchani yaqinlashib kelayotgan Hayit ayyomi bilan tabriklab qolamiz. Shuningdek, g'alaba bilan ham tabriklayman. Bu ish uchun biz katta harakat, mehnat qildik. Murabbiylar shtabida juda ko'p inson birga mehnat olib bordik. Ustozim Usmon Qudratovich ham elkama-elka yonimda turibdilar. Umuman olganda barchaga katta rahmat aytaman. 

O'yinga keladigan bo'lsam, juda ham ajoyib o'yin bo'ldi. Haqiqiy jangga qiyoslasak bo'ladi. Bazi vaziyatlarda yigitlarim juda qiyin holatga tushib qolishdi. Belgilangan 11 metrlik penaltiga qaramasdan bolalarim ruhini tushirmadi va maksimal ravishda harakat qilishdi. Bu ularning g'alabasi. 

So'nggi paytlarda O'zbekistonda futbolga bo'lgan e'tibor tasavvur qilib bo'lmaydigan darajada yuqori. Mamlakatimizdagilar futbolni juda ham sevishadi, futbol bilan yashashadi. Bunga misol qilib aytish mumkinki, Prezidentimiz katta o'yinlarni stadiondan ko'rib boradilar, bizdan yaxshi natija kutadilar. Bu esa yosh yigitlarimizga katta motivaciya bo'ladi. Hali oldimizda ikki o'yin turibdi, uni g'alaba bilan yakunlashimiz kerak. Keyin esa yigitlar jahon chempionatida o'zlarini ko'rsatishlari kerak. Maqsad - yigitlarni milliy terma darajasiga olib chiqish. Bu esa yigitlarga natija va katta ishtiyoq taqdim qiladi.


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: championat.asia