Jahon chempionati-2026 rasmiy to'pini mobil telefon kabi quvvatlashga to'g'ri keladi

2 iyun 2026, 08:50
2026 yilgi futbol bo'yicha jahon chempionatida turnirning rasmiy to'pi hisoblangan Trionda ichiga joylashtirilgan yangilangan Connected Ball Technology texnologiyasidan ilk bor to'liq hajmda foydalaniladi, deb xabar bermoqda YNews.

To'pning ichiga vazni 14 gramm bo'lgan mitti datchik o'rnatilgan bo'lib, u real vaqt rejimida to'pning harakati haqidagi ma'lumotlarni to'playdi. Tizim ma'lumotlarni soniyasiga 500 marta qayd etadi va uning tezligi, harakat traektoriyasi, aylanishi hamda futbolchi tomonidan tegilgan aniq soniyani kuzatib boradi. Olingan ma'lumotlar maydon perimetri bo'ylab o'rnatilgan 12 ta yuqori tezlikdagi kameralar tasviri bilan birlashtiriladi, shundan so'ng sun'iy intellekt hakamlarga yordam berish uchun sodir bo'layotgan jarayonning uch o'lchamli (3D) modelini yaratadi.

Ushbu texnologiya ofsaydlarni aniqlash sifatini oshirish uchun yaratilgan, chunki datchik uzatma berilgan soniyaning aniq ulushini, kameralar tizimi esa futbolchilarning joylashuvini qayd etadi. Bu bahsli vaziyatlar sonini kamaytirish va hakamlar ishini tezlashtirishga, jumladan, to'pning qo'lga tegishi va golning darvoza chizig'ini kesib o'tishi mumkin bo'lgan holatlarni ko'rib chiqishda yordam berishga qaratilgan.

E'tiborli jihati, Trionda konstrukciyasi 2022 yilgi jahon chempionatida foydalanilgan Al Rihla to'piga nisbatan yanada takomillashtirildi. Endilikda datchik to'p panellaridan birining ichidagi maxsus bo'lmaga joylashtirilgan, mukammal muvozanatni saqlash uchun esa muhandislar aks-vazn (protivoves) tizimini qo'shishgan. O'yinlardan oldin to'plarni quvvatlash talab etiladi: ichki akkumulyator taxminan olti soatlik uzluksiz ishlashga etadi, uchrashuv davomida to'p almashtirilganda esa tizim ma'lumotlarni yo'qotmasdan avtomatik ravishda yangi to'pga ulanadi.

O'xshash yangiliklar


Manba: YNews